Ibratli voqea: Oyna...
...Bir necha kishi bilan birga Misrga bordik. Do‘konga kirdik. Bir uzuk yoqib qolib, narxini so‘radik: "1400 junayh", dedi.
Narxini biroz tushirib berishini iltimos qildik.
- Qayerliksizlar? – deb so‘radi.
- O‘zbekistonlik, Movarounnahrdanmiz. Buxoriy yurtidan, - dedik.
- Buxoriy yurtidan ekansiz, sizlarga 20 foiz chegirma qilib beramiz, - dedi.
Bizga bu gap yoqib ketdi.
- Yana qanday olimlar bo‘lgan sizlarning yurtda? – deb so‘radi.
- Imom Termiziy, - dedik.
- Masha Alloh, u kishi ham sizlardanmi? – dedi biri ishonqiramay.
- Ha, bizdan ko‘plab allomalar chiqishgan, - dedik. - Yana kim?
- Imom Zamaxshariy, - dedik.
Sotuvchi "Ma Shaa Allooooh!" , dedida, qo‘llari bilan ko‘zlarini yopdi. Panjalari orasidan yosh oqa boshladi. Keyinroq bildik, u kishi Imom Zamaxshariyning ashaddiy muxlisi ekan. Bir oz suhbatlashgandan keyin:
- Sizlardan foyda olmayman. 620 junayhga tushgan, shuni bersangiz bo‘ldi, - dedi.
Shu payt oramizdagilardan faqat o‘zbekkagina xos bo‘lgan gap chiqdi: "Shundan ikki dona bering"...
Men uyalib ketdim...
- Mayli, beraman, - dedi.
Uzukni berayotganda yonida turgan kishilardan biri "Namoz o‘qisharmikin?", deb qoldi. Sotuvchi qo‘lini uzatayotgancha to‘xtab qoldi.
- Ha, namoz o‘qiysizlarmi?, – dedi.
Savol bilan javob orasida uzilish paydo bo‘ldi. Chunki, javob aytarli yo‘q edi...
Bir oz sukutdan keyin:
- Juma namoziga chiqib turamiz, - dedi kimdir. - Boshqa namozlarni-chi, – dedi hayron bo‘lib. Zo‘rg‘agina "Yo‘q", deya oldik.
Sotuvchining qo‘li muallaq turib qoldi. Biroz sukut qildi-da, achinish bilan:
- Mayli, men musulmonman. Aytgan narximga beraman. Ammo sizlar qaytib Imom Buxoriyni tilingizga olmang. Haqqingiz yo‘q!, – dedi.