Prezidentning Yaponiyaga safari strategik hamkorlikning yangi sahifasini ochdi

18–20 dekabr kunlari Prezidentimiz rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Bu tashrif har tomonlama strategik va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat munosabatlarini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.

Birinchidan, Yaponiya bilan strategik hamkorlikni chuqurlashtirish masalasi kun tartibidan joy oldi. Yaponiya Bosh vaziri Sanaye Takaichi xonim bilan o‘tkazilgan rasmiy muzokaralar doirasida ikki davlat o‘rtasida 12 milliard dollardan ortiq qiymatdagi yangi hamkorlik portfeli shakllantirildi. Bu paket energetika, transport, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, xalqaro savdo, suv resurslari va ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi. Shuningdek, Samarkandda yapon standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirildi. Yaponiya tomoni bilan birgalikda imzolangan “kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha qo‘shma bayonot” ikki davlat munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.

Ikkinchidan, barqaror investitsiyalar va yirik loyiha tashabbuslari ilgari surildi. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik yapon kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashganini e’tirof etish lozim. Natijada  Japan Oil, Gas and Metals National Corporation (JOGMEC) va ITOCHU vakillari bilan Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi uran va noyob metallar konlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Sumitomo Corporation bilan energiya va sanoat loyihalari, xususan, Samarqandda quyosh energetikasi va Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalari bo‘yicha rejalashtirilgan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borildi. Sojitz Corporation bilan Sirdaryoda kombinatatsiyalangan elektr stansiyasi, Toshkent xalqaro aeroporti, shifoxona va boshqa ijtimoiy infratuzilma loyihalari ustida kelishuvlar muhokama qilindi.

Bu tashabbuslar O‘zbekistonning iqtisodiy modernizatsiyasi va transport, energiya hamda tibbiyot tizimini zamonaviylashtirishni davom ettirishga xizmat qiladi, shuningdek, yapon texnologiyalari va investitsiyalarini jalb etadi.

Uchinchidan, madaniy, ta’lim va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ta’lim sohasida ham katta yutuqlar qayd etildi: yapon tilini o‘rganish 7 ta O‘zbekiston universitetida o‘rgatilmoqda, o‘nlab talabalar yapon hukumati tomonidan ta’minlangan stipendiyalar bilan o‘qidi. Bundan tashqari, Toshkentda Tsukuba universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma universitet tashkil etish, shuningdek, Edo qo‘shma tadqiqotlar, yosh olimlar almashinuvi va ilmiy grantlar joriy etish bo‘yicha kelishib olindi.

To‘rtinchidan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti o‘tkazildi va unda mintaqaviy sheriklik bo‘yicha iqtisodiy va ekologik hamkorlik, yashil energiya va barqaror rivojlanish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surdi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan biznes forumda yapon kompaniyalari va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida bir qator loyiha va investitsiya tashabbuslari, xususan, energiya, transport va sanoat yo‘nalishlarida hujjatlar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Beshinchidan, yangi davr uchun strategik sheriklik diqqat markazida bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni nafaqat kengaytirdi, balki sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Bu tashrif O‘zbekistonning Osiyo va global maydondagi strategik sheriklar qatorini yanada kuchaytirib, mamlakatning uzoq muddatli, barqaror va inklyuziv rivojlanishiga xizmat qiluvchi yirik hamkorliklar poydevorini mustahkamladi.

Diyor Rajabov,

Samarqand davlat chet tillar instituti yapon filologiyasi kafedrasi mudiri.

Ulug‘bek Husanov,

institutning sharq tillari fakulteti dekani.