Ko‘chani yoritishda noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holati aniqlandi

“O‘zenergoinspeksiya”ning viloyat hududiy boshqarmasi hamda “Energosavdo” Samarqand tuman bo‘limi mutaxassislari ishtirokida “Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasiga tegishli ko‘cha yoritish chiroqlarining elektr energiyasidan foydalanish holati bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida O‘zbekkenti mahallasidan o‘tuvchi M-37 “Toshkent–Samarqand” avtomobil yo‘lining 4–5-kilometr qismida o‘rnatilgan ko‘cha yoritish chiroqlari holati ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida mazkur yoritish moslamalari Samarqand tuman elektr tarmoqlari hisobida turgan 1276-sonli transformator punktining 0,4 kVli tarmog‘iga ulangani, ammo 45 dona ko‘cha yoritish chiroqlari hisoblagichdan tashqari holda ulangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 14,5 kVtni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” 133-bandining “z” kichik bandi talablariga zid ekani, ya’ni tarmoqqa noqonuniy ulanish orqali elektr energiyasidan foydalanib kelingani aniqlandi.

Aniqlangan qoidabuzarlik holati yuzasidan “Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasiga nisbatan belgilangan tartibda elektron dalolatnoma rasmiylashtirildi. Dastlabki va umumiy da’vo muddati uchun amalga oshirilgan qayta hisob-kitoblarga asosan ta’minotchi korxonaga jami 190 530 kVt/soat elektr energiyasi yoki 571 million 590 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Mazkur holat bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.

Dilshod Saypiyev, 

"O‘zenergoinspeksiya" viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.