Kechirimning barakasi
Aka-uka orasida gap qochdi. Hammasi arzimagan bir sababdan boshlangandi, ammo oralaridagi araz bir oyga cho‘zilib ketdi. Oxiri uka chidolmadi. Jigarini qattiq sog‘indi. Istamasa-da, o‘sha yomon xotira yana yodiga tushdi...
— Xotiningni tarbiyalab ol, erkakmisan o‘zi?! — deb o‘dag‘ayladi Qobil.
Aslida esa akasining o‘zi yangasi chizgan chiziqdan chiqolmaydiganlardan edi.
— Qo‘ying, aka, ayollarning ishiga aralashmaylik, — dedi u ham ovozini balandlatib.
— Sen hali o‘zingni erkakman deb yuribsanmi?!
Qolgani eshitishga ham, yozishga ham arzimaydi. Nevara ko‘rgan odamlarga bunday janjal uyat, aslida. Ayniqsa, yoshi oltmishdan oshgan kishilarga.
Negadir ovsinlar yarashib ketdi-yu, jigarlar gaplashmay qo‘ydi.
Kunlarning birida Mehriddinning tobi qochib qoldi. Bu haqda akasiga xabar qilishdi.
— Amaki, dadamni bir borib ko‘rib ketasizmi? Sizga ilhaq bo‘lib yotibdilar, — dedi jiyani boshini egib.
— Men otangga hech narsa qilganim yo‘q. Agar nohaq bo‘lgan bo‘lsa, Xudo o‘zi jazolabdi! — dedi aka sovuqqina.
Jiyani yig‘lab ortga qaytdi…
Uka esa yotgan joyida tinmay o‘ylardi:
“Akamdan kechirim so‘rashim kerak…”
Isitmalab yotar ekan, alahsirab shivirlardi:
— Aka, kechiring…
— Qobil aka, kechirdizmi?..
Bir tong o‘ziga kelib uyg‘ondi. Hatto bir kosa qaynoq sut ham ichdi. Ruhi yengillashgan, ko‘ngli tetik edi.
O‘g‘lini chaqirdi:
— Meni amakingnikiga olib bor!
Ayoli ko‘zlariga yosh oldi. O‘g‘li esa shoshilib mashinani o‘t oldirdi, otasini qo‘ltiqlab chiqdi.
Darvozani yangasi ochdi:
— Keling, keling, yaxshimisiz, Mehriddin?
Uyga kirishdi. Qobil mehmon salomiga o‘rnidan turmasdan, qo‘lini uzatdi.
— Meni kechiring, aka. O‘sha kuni sizni qattiq xafa qildim. Kichikdan xato, kattadan uzr. Ablahligimni kechiring, — dedi uka boshini egib.
— Senga qilgan yaxshiliklarimni unutding. Xudo o‘zi hammasini ko‘rsatib qo‘ydi. Endi o‘zingdan ketma! — dedi aka.
— Xo‘p bo‘ladi, aka, to‘g‘ri aytasiz.
— Bo‘pti, choyga qara.
O‘sha kuni uka tinch uxladi. Tush ko‘rdi. Tushida yetmish ming farishta uning haqiga istig‘for aytayotgan emish.
— Sizlar kimsiz? — deb so‘rabdi u.
— Biz Qiyomatgacha sening haqingga istig‘for aytishga buyurilgan farishtalarmiz, — deb javob beribdi ular.
— Bu mukofot qaysi amalim uchun? — deb so‘rabdi yana.
— Haq bo‘la turib, kechirim so‘raganing, janjaldan voz kechganing uchun! — deb javob berishibdi farishtalar.
Ertasi kuni Zubayda barvaqt uyg‘onib ketdi. Hovliga shoshib tushdi. Obdasta tutgancha tahorat olayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rib, yengil tin oldi...
Feruza Salxodjayeva.