“Asr imkon textile” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlariga jahon bozorida talab ko‘paymoqda

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari viloyatda faoliyat olib borayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalarda bo‘lib, tadbirkorlarga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi va “Eksport uch qadamda” tizimining afzalliklari, ushbu tizimlar orqali ularga tadbiq etilayotgan imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumotlar berib kelmoqda.

Bu gal bojxonachilar Oqdaryo tumanidagi “Asr imkon textile” MChJda bo‘lib, korxonada ishlab chiqarilayotgan tayyor trikotaj mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.  

Korxonada 200 ga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlanib, ular ikki smenada faoliyat olib boradi. Korxonaga Turkiya, Yaponiya, Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy to‘qish va tikish-bichish asbob-uskunalari o‘rnatilgan. Hozirda 20 turdagi tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar yurtimiz bozorlaridan tashqari Rossiyaga ham eksport qilinmoqda. Xususan, tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning 6 oyi davomida korxona qiymati 535 ming AQSh dollariga teng mahsulotlarni xorijga eksport qilgan.

Mahsulotning sifati yuqori darajada bo‘lganligini inobatga olgan Yevropa davlatlari ham xaridorgir bo‘lib turibdi. Masalan, yaqin kunlarda Fransiya va Vetnam davlatlari bilan eksport shartnomasi imzolanishi kutilayotgani aytildi. 

Tadbirkor korxonaning avvalgi holati hamda yangi loyihasi ham tanishtirdi. O‘z navbatida viloyat bojxona boshqarmasi rahbar va mutaxassislari korxona mutasaddilariga loyihani kengaytirish, mahsulotlar assortimentini ko‘paytirish hamda boj to‘lovlari hamda rasmiylashtiruv bilan bog‘liq yaratilgan yengilliklar va  imkoniyatlar xususida ma’lumotlar berdi.