Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘ldi
A.Boboyev hududda amalga oshirilayotgan ishlar va rivojlanishga qaratilgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab viloyat rahbari Mo‘llako‘rpa mahallasida bo‘lib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, Payshanba shaharchasini rivojlantirish bo‘yicha master-reja va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, "Agrobreding" chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Ernazarov hozirda 30 bosh "Golshten" zotli sut yo‘nalishidagi qoramollar parvarishlayotgani va kelgusida chorvachilikni yanada kengaytirish rejasi borligini ma’lum qildi.
Shuningdek, "Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi" ham hokimning diqqat markazida bo‘ldi. Zavod yiliga 1200 dona import o‘rnini bosuvchi transformator ishlab chiqaradi. Bu yerda 120 kishi, jumladan, 50 nafar ayollar ish bilan ta’minlangan. Zavod mas’ullari zavodning keyingi rejalari haqida gapirar ekan, Melixo‘ja mahallasida zamonaviy va energiya tejamkor transformatorlar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirganini ta’kidladi.
Tumanga tashrif yakunida viloyat rahbari mazkur tashabbuslarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalarini berdi.