Viloyat IIB boshlig‘i jinoyat, huquqbuzarlik va o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha sessiyada hisobot berdi

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jinoyat qidiruv yo‘nalishida 1 ming 135 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 90,6 foizi “izi sovumasidan” fosh etilgan.

Bundan tashqari viloyat hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idorlalaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 320 nafari ushlangan.

Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 213 ta noqonuniy holatlar aniqlanib, deyarli 70 kilogramm miqdorda giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olingan.

Shuningdek, viloyatda fosh etilmasdan qolgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga kamayishiga erishilgan.

Joriy yilning ilk 6 oyi davomida viloyatimiz hududida bo‘lish qoidalarini buzib yashab kelgan jami 347 nafar xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda ularni qabul qilish qoidalarini buzgan respublikamiz fuqarolari aniqlangan bo‘lib, ularning 295 nafaridan jarimalar undirildi va 52 nafar chet el fuqarolari respublikamiz hududidan chiqarib yuborilgan.

Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik 3,6 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlar 12,8 foizga kamaygan.

Biroq, o‘tgan olti oy davomida profilaktika inspektorlari tomonindan 141 ming 707 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 98 min 888 taga ko‘paygan.

Shu bilan birga, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahrida, Ishtixon, Payariq, Past Darg‘om, Qo‘shrabod, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq tumanlarida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarning o‘sishiga yo‘l  qo‘yilgan.

Viloyatimizda qotillik jinoyatining 46,2 foizi oilada ro‘y berayotgani achinarli holdir.

Bugungi kunda viloyat hududida fuqarolarimiz tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari ham ko‘payib boryapti. Hisobot davri davomida 194 kishi o‘z joniga qasd qilgan. Ularning 8 nafari ajrashganlar bo‘lgan.

O‘z joniga qasd qilganlarning 30 tasi voyaga yetmaganlar tomonidan, 89 tasi yoshlar tomonidan sodir etilgan.