Viloyat kengashining sessiyasi

Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhi rahbari B.Sharofov boshqardi.
Deputatlar sessiya kun tartibi va ish tartibini tasdiqladilar. 

Dastlab “Samarqand viloyati hokimining 2017 yilda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisoboti haqida”gi masala ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev ma’ruza qildi. 
Ta’kidlanishicha, 2017 yilda viloyat yalpi ichki mahsuloti hajmi 18 trillion 319 milliard so‘mga yetib, 102 foizga bajarilgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida ham barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlangan. Tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 96 million dollarni tashkil etdi. 
Yil davomida xorijiy sarmoya ishtirokida 56 ta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 291 taga yetdi. Viloyatdagi 44 ta davlat mulki ob’yektlari investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berildi. 3259 ta kichik biznes sub’yekti yangidan faoliyat boshladi. 

Viloyatni hududiy rivojlantirish dasturlariga asosan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida 2252 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 20 ming 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Investitsiya dasturi asosida respublika byudjetidan ajratilgan 148,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 178 ta ijtimoiy soha ob’yektida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Hisobotda shuningdek, kommunal sohada, sog‘liqni saqlash tizimida, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida va boshqa yo‘nalishlarda bajarilgan ishlar qayd etilib, 2018 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berilgan.

Kun tartibidagi ikkinchi masala – “Samarqand viloyat prokuraturasining 2017 yilda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida” viloyat prokurori F.Zufarov axborot berdi.
Hisobotda qayd etilishicha, viloyat prokuratura organlari tomonidan qonunchilik ijrosi bo‘yicha yil davomida o‘tkazilgan 221 ta tekshirish natijalariga ko‘ra, 8313 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Prokurorlarning qaror va taqdimnomalari bo‘yicha 9839 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy, moddiy javobgarlikka tortilgan. Jiddiy qonun buzilish holatlari yuzasidan 378 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2594 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanib, 881 million so‘mlik zararning ixtiyoriy to‘lanishi ta’minlangan. Prokuratura organlariga kelib tushgan 35 ming 828 ta ariza va shikoyatlarning 23 ming 652 tasi bevosita prokuratura xodimlari tomonidan tekshirilib, hal etildi. Jumladan, 2594 ta shikoyat qanoatlantirilib, 1444 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Shundan so‘ng deputatlar “Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining viloyatda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi masalani muhokama etdilar.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latovning ta’kidlashicha, Prezidentimiz tomonidan ichki ishlar idoralari oldiga qo‘yilgan vazifalar asosida viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqib sabablari va omillarini tahlil etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida 2017 yilda viloyat bo‘yicha jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 11 taga, jinoyat qidiruv sohasida 12 taga kamaygan. Jumladan, og‘ir tan jarohati yetkazish 1 taga, nomusga tegish 17 taga, bezorilik 55 taga, bosqinchilik 10 taga kamayishiga erishildi. Shuningdek, ilgari sudlanganlar, ishsizlar, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham kamaydi.
Diniy ekstremistik oqim a’zolarini hisobdan chiqarish va ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, voyaga yetmaganlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, odam savdosigi qarshish kurashish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish borasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar ham o‘z natijasini bermoqda. Mahallalarda tashkil etilgan jamoatchilik nazorat maskanlari yordamida 51 ta jinoyat fosh etildi, 1065 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlandi, 5 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 2017 yilda viloyatdagi 1089 mahallaning 61 tasida jinoyat sodir etilmadi, 538 tasida jinoyatlar kamaydi.

Hisobotlar yuzasidan deputatlar taklif va tavsiyalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Sessiyada Samarqand viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlari tomonidan 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida mazkur sud idoralari raislari O.Hayitov, M.Tojiboyev, B.Diyorov, M.Bozorovning axborotlari eshitildi.

Bundan tashqari, deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Samarqand mintaqaviy vakilining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 iyuldagi PQ-3129-sonli “Turizm sohasini rivojlantirishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari M.Voseyevning axboroti haqida”gi masalalarni ham muhokama etib, ma’qulladilar.
Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan “Samarqand viloyatidagi “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda o‘quvchilar sonining sanitariya-gigiyena talablariga mosligi, umumiy tibbiy xizmatning ahvoli, majburiy dori vositalari hamda toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik holatlari” to‘g‘risida”gi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan “Samarqand viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi faoliyati to‘g‘risida”gi masalalar yuzasidan deputatlar va soha mutasaddilari o‘z munosabatini bildirdi.

Sessiyada shaharlar, viloyat va tuman markazlari, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarida obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qisqa muddat ichida moliyaviy ta’minlash choralarini ko‘rish maqsadida viloyat hokimi tomonidan 2018 yil 28 fevralda qabul qilingan “Samarqand viloyatining byudjetdan tashqari jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi qaror tasdiqlandi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining “Viloyatda futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan bir qator tashkilotlarning 2018 yilning aprel va iyul oylari oxirgi shanba kunlari viloyatda hayriya xashari o‘tkazish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. 
Kun tartibidagi “Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2018 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” haqida”gi masala yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘ining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.

“Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, joriy yilda viloyatimizda 106 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochiladi. 112 ta mavjud binoda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat MTM tashkil etiladi. 15 ta uy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, investitsiya dasturi bo‘yicha 10 ta yangi davlat MTM qurish, 50 ta muassasani rekonstruksiya qilish, 7 tasini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Deputatlar xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati O.Axtamovning viloyatda 2017 yilda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilgan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat ishlarining ahvoli to‘g‘risidagi deputatlik so‘rovi yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Xalilovning axborotini ham tingladilar. 
Sessiyada tashkiliy masalalar ko‘rildi. Bobayev Otabek Burxanovich Samarqand viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Sadinova Nigora Safarovna Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i etib tasdiqlandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.