Viloyat perinatal markazida sodir bo‘layotgan noxush voqealar barham topadimi?
Bugungi kunda tibbiyot muassasasining rahbari vazifasini direktorning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari S.Suyarov bajarmoqda.
Shifoxona hududida bahorda o‘tqazilgan archa ko‘chatlari, anvoyi gullar suvsizlikdan quriy boshlabdi. Kirish darvozasi boshqa joyga ko‘chirilgani tufayli bemorlarning yaqinlari eski darvoza yonidagi panjaralar ustidan yoki uning orasidan o‘tib, dorixonalarga bormoqda. Ichimlik suv uch kundan beri tez-tez o‘chirib qo‘yilayotgan ekan.
Ikki oy ilgari tug‘ruqxonaga murojaat qiluvchi homiladorlar ko‘payganligi haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi. Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan og‘ir ahvoldagi bemorlar kelib, hatto ayrimlari koridorlarda ham o‘z navbatlarini kutishgan edi. Birgina joriy yilning avgust oyida markazda 788 ta tug‘ruq qayd etilgan.
– Markazimizga bir kunda yuzdan ortiq homilador ayollar murojaat qiladi, – deydi neonatologiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sanobar Xo‘jayeva. – Kuniga qirqdan ziyod tug‘ruqni qabul qilamiz. Taqsimot bo‘yicha asosan Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Paxtachi va Nurobod tumanlaridan kelgan homiladorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Ammo boshqa tumanlardan kelgan ahvoli og‘ir bemorlarni ham qabul qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, Urgut va Toyloq tumanlaridan murojaat qiluvchilar ko‘p. Shifoxonamiz 190 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda 254 bemor davolanmoqda. Shahrimizdagi ayrim tug‘ruqxonalar vaqtinchalik ishlamayotganligi sababli ham bizga murojaat qiluvchilar ko‘payib ketdi.
Markazda tug‘ruqlarning ko‘pligi sababli dori-darmon ta’minotida ham yetishmovchiliklar mavjud. Reanimatsiya bo‘limida "VELA" uskunasi, kardiomonitor, narkoz beruvchi, jarrohlik bo‘limida esa EKG, elektroso‘rg‘ich hamda jarrohlik stollari yetishmaydi. Ayni vaqtda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limida chala tug‘ilgan chaqaloqlarga yordam beruvchi 20 ta "SEPAP" uskunasi o‘rniga 5 tasi ishlab turibdi. Shuningdek, muassasaga qattiq va yumshoq jihozlar zarur.
Chaqaloqlar bo‘limidagi UTT xonasida o‘nga yaqin ayollar navbat kutib turibdi. Bitta bemorni tekshirib, unga xulosani yozib bergunicha 5-10 daqiqa vaqt sarflanadi. Dilfuza Qilicheva shu yerda UTT vrach-mutaxassisi bo‘lib ishlaydi. Bir kunda 50-60 ga yaqin ayollarni tekshirib, homilasi holatini aniqlab berishiga to‘g‘ri kelmoqda.
– Uskunalarimiz ancha eskirgan, yangisini olish uchun o‘z takliflarimizni bergan edik,– deydi D.Qilicheva. – Yangi raqamli uskunalar bo‘lsa, ikki barobar ko‘proq bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishimiz mumkin bo‘ladi. Shunda turnaqator navbatlar ham bo‘lmasdi. Ko‘chma UTT yo‘qligi tufayli qavatma-qavat yurib, og‘ir bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelamiz.
Qabul bo‘limida homiladorlarni qabul qilish tartibga solinibdi. Bemorlar yotgan xonalar, oshxona, chaqaloqlar davolanayotgan zallar ta’mirdan chiqarilgan. Ichimlik suv, kanalizatsiya tarmoqlari ishga tushirilgan. Homiladorlarning o‘z yaqinlari bilan gaplashishi uchun maxsus zal tashkil etilgan. Shu yerning o‘zida tadbirkor D.Alimova tomonidan kichikkina fotosalon ishlamoqda.
– Shifoxona ma’muriyati hamda viloyat "Davlat mulkini ijaraga berish markazi" bilan shartnoma asosida shu xonani ijaraga olib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelamiz, – deydi D.Alimova. – Har bir onani o‘z farzandi bilan suratga tushirib, hujjatlariga tikib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ham shifokorlarga, ham onalarga turli bukletlar, targ‘ibot qo‘llanmalari, tavsiyanomalar tayyorlab beramiz. Hujjatlardan nusxa ko‘chiramiz.
Xo‘sh, shifoxona hududida suratxona tashkil etish qonunchiligimizga to‘g‘ri keladimi? Aslida bu xizmat turi barcha uchun foydali bo‘lsa-da, ammo markaz hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish mumkin emas. Hatto ular ijara shartnomasi asosida ish olib borayotgan bo‘lsa-da, shifoxona ichida faoliyat yuritishi sanitariya-gigiyena talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Nima bo‘lganda ham mutasaddilar bu haqda o‘ylab ko‘rishlari kerak.
Hovlida yaxshi xabarlar kutib o‘tirgan ayrim bemorlarning yaqinlari bilan suhbatlashdik.
– Oqdaryo tumanidan kelganmiz, – deydi Bahodir Qodirov. – Kelinimning homiladorligi juda og‘ir o‘tdi. Skrining markazining xulosalarini olgach, shu tug‘ruqxonaga kelishga to‘g‘ri keldi. Bu yerdagi noxush voqealarni eshitgan bo‘lsak-da, ishonchimiz yo‘qolgani yo‘q. Nevaramiz sog‘lom tug‘ilishini istadik.
Har bir ona o‘z farzandini sog‘lom dunyoga keltirishni xohlaydi. Shuning uchun ham viloyatimizda yagona bo‘lgan perinatal markazga bir dunyo orzu-umidlar bilan keladi. Qo‘li yengil va malakali shifokorlarimiz ana shu yuksak ishonch, katta mas’uliyatni his qilgan holda faoliyat olib borsalar, ayni muddao bo‘lardi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
"Zarafshon" muxbiri.