Viloyat raxbarining e’tibori tufayli farzandim oyoqqa turdi
Shu yilning oktyabr oyida 10 yoshli o‘g‘limning tobi qochdi, uni dilatatsion kardiomiopatiya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizdik. Yurak qisqarishi keskin tushib ketib, azob chekdi. Uning rang-ro‘yiga qarab, mening ham na ishimda, na turmushimda ma’no qoldi. Do‘xtirlar «Imkon qadar davolaymiz, ammo tezroq tajribali shifokorlarga ko‘rsatmasangiz bo‘lmaydi», degach ko‘mak so‘rab, telegram orqali viloyat hokimiga murojaat qildim.
Tezda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari ko‘magida shifoxonaga malakali mutaxassislar keldi. Ular o‘g‘limning kasallik tarixini o‘rganib, qaytadan muolaja boshlashdi. Oradan 5 kun o‘tib, bolam o‘ziga keldi, 10 kundan keyin yurak urishi ancha yaxshilandi. Hozir o‘g‘limning sog‘lig‘i yaxshi. Uyda davolashni davom ettiryapmiz.
Buni yozishimdan maqsad - odamlarning dardi bilan qiziqadigan, ularning muammolarini bartaraf etadigan insonlarning ko‘pligi, viloyatimiz hokimining ming tashvishi bo‘lsa-da, odamlarga xohlagan vaqtda o‘ziga murojaat qilish imkonini berganligini e’tirof etish. Shu imkoniyat tufayli farzandim hayoti saqlab qolindi.
Dilfuza SAIDOVA,
Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Yangi hayot mahallasi.