Samarqandda 57 mingdan ortiq fuqaro semizlik kasali bilan ro‘yxatga olingan
Ayni paytda butun dunyodagi kabi viloyatda ham Xalqaro semizlikka qarshi kurashish oyligi davom etmoqda. Oylik 7 martdan 7 aprelga qadar davom etadi.
Bu davrda Samarqandda aholining 40 yoshdan oshgan qatlamini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, shifokorlar tomonidan aholi o‘rtasida ortiqcha vazn to‘plashning sabablari, semirish tufayli paydo bo‘ladigan kasalliklar haqida ma’lumot berib boriladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida oylikning dastlabki sanasida 7 mart — Xalqaro semizlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan ilk tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Yulduz Abduroziqova,
filial endokrinolog-shifokori:
- Bugungi kunga kelib semizlik dunyo aholisining sog‘lig‘iga jiddiy xavf solayotgan muammolardan biri. Bugungi kunda yer yuzida 2 milliard kishi ortiqcha tana vazniga ega bo‘lib, ularning 650 millionida semizlik kasalligi qayd etilgan. Viloyatimizda ham 57 mingdan ziyod bemor semizlik bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular 3-4 xavf guruhining asosiy qismini tashkil qiladi. Kasallikka qarshi kurash olib borilayotganiga qaramasdan, hozircha uning oldini to‘liq olib bo‘lmayapti. Bunga, albatta, kam harakatlilik, muntazam sport bilan shug‘ullanmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish kabilar sabab bo‘lyapti.
Shifokorga ko‘ra, tana vazni me’yoridan yuqori bo‘lgan aholining qonda qand miqdorini aniqlash maqsadida barcha tibbiyot brigadalari glyukometr va test yaproqchalari bilan to‘liq ta’minlanadi.