Viloyatda 687 kilometr ichimlik suv, 38,8 kilometr oqova tarmog‘i qurilmoqda
Viloyatimiz aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash va oqova tarmoqlari qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va islohotlar samaradorligini o‘rganish natijalarida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xarita”sida “Samarqand suv ta’minoti” MChJga ko‘p vazifalar topshirilgan.
Bugungi kunda viloyatimiz aholisining 65,6 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 167 ta mahalla aholisi muqobil manbalar suvidan foydalanadi.
- Hozirda viloyatdagi 1747 ta suv inshootidan 683 tasi, 1992 ta suv qudug‘idan 693 tasi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, - deydi “Samarqand suv ta’minoti” MChJ direktori Komiljon Yusupov. – “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, 5553 kilometr suv tarmoqlarining 960 kilometri, 461 kilometr oqova tarmog‘idan 31 kilometri ta’mirlanib, 1 ta oqova suv tozalash inshooti yangilanishi lozim. Ta’mirtalab, texnik davriy muddati o‘tgan inshoot va tarmoqlarni ta’mirlash hamda ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarni ichimlik suv bilan ta’minlash bosqichma-bosqich davlat dasturlari, mahalliy byudjet va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
O‘tgan yili 286,3 milliard so‘m mablag‘ sarflab, 210 mahallada yashovchi 270 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan bo‘lsa, yana 214 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Buning uchun 500,7 kilometr ichimlik suvi, 44,7 kilometr oqova tarmog‘i qurildi. 65 ta suv inshooti va 4 ta oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilindi va yangidan qurib foydalanishga topshirildi.
Joriy yilda esa 687 kilometr ichimlik suvi va 38,8 kilometr oqova tarmog‘i qurilmoqda. Shuningdek, 73 ta ichimlik suvi va 7 ta oqova inshooti qurilib, rekonstruksiya qilinmoqda.
Bu ishlar yakunlangach, 57,9 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 135,1 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Joriy yilning o‘tgan davrida 33,2 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 31 ta suv quduqlarining nasoslari yangisiga almashtirilishi natijasida 5 ming nafardan ortiq aholi ilk bor toza ichimlik suv bilan ta’minlandi, 3 mingdan ortiq aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Jumladan, hozirgacha Bulung‘ur tumani Dehqonobod qishlog‘ida 1,5 kilometr, Samarqand tumani “Yangiravot” mahallasida 1 ta suv nasosi, Oqdaryodagi Yangi qishloqda 1 ta suv nasosi va 1,5 kilometr suv tarmog‘i foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, ayni vaqtda Nurobod tumanining Omondara mahallasida yangi suv qudug‘i qurish va 3 kilometr suv tarmog‘i tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
D.TO‘XTAYeV.