“Samarqand suv ta’minoti”ga institutlardan biri 5 million so‘m to‘lamaydigan bo‘ldi. Chunki...
Jamiyat Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, shahardagi institutlardan biri ichimlik suvidan dov-daraxtlarni sug‘orish uchun foydalanganligi uchun to‘lov undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, iste’molchi ichimlik suvidan 15 millimetrli shlang orqali foydalangan holda dov-daraxtlarni sug‘organligi uchun dalolatnoma-ko‘rsatma tuzilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ichimlik suvdan dov-daraxtlarni sug‘orish uchun foydalanilishiga istisno holatlarda, irrigatsiya suvi bo‘lmaganda, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlangan jadval bo‘yicha, faqat tungi vaqtda (soat 00-00 dan soat 05-00 gacha) yo‘l qo‘yiladi.
Dov-daraxtlar rasmiy ruxsatsiz yoki ko‘rsatilgandan boshqa vaqtda sug‘orilgan holatlarda, bir oyda foydalanilgan suv uchun to‘lov I guruh iste’molchilari uchun belgilangan qoidalar 87-bandining «a» kichik bandi, II va III guruh iste’molchilari uchun «b» kichik bandi bo‘yicha hisoblanishi belgilangan.
Shu asosda institutga 4 million 952 ming 580 so‘m to‘lov hisoblangan. Hisoblangan mablag‘ni to‘lab berish to‘g‘risida javobgarga talabnoma yuborilgan. Biroq talabnoma ijrosi ta’minlanmaganligi sababli da’vogar «Samarqand suv ta’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 4 952 580 so‘mni undirishni so‘ragan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, qayd qilingan qoidabuzarlik uchun bir oyda foydalanilgan suv uchun to‘lov hisoblanishi belgilangan bo‘lsa-da, da’vo arizasida asossiz ravishda 60 kunga, ya’ni ikki oyga sarflangan suv uchun to‘lov hisoblanib, uni undirish so‘ralgan.
Iqtisodiy-protsessual kodeksning 68-moddasida ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs o‘z talablari va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerakligi belgilangan.
Sud ishni ko‘rib chiqish jarayonida nizoli ob’yektni borib ko‘zdan kechirganda javobgar sug‘orish ishlarini olib borish uchun o‘zining yer osti qudug‘iga ega ekanligi, sug‘orish ishlarini olib borish uchun shahar suv tarmog‘idagi suvdan foydalanmasligi, yer osti qudug‘idagi suvdan foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Da’vo arizasida bildirilgan talab tegishli dalillar bilan o‘z isbotini topmaganligi uchun sud da’voni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qildi.
Iqtisodiy-protsessual kodeksning 200-moddasiga muvofiq, ishni ko‘rish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qat’i nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Shu asosda “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati hodimi qonun hujjatlariga zid ravishda dalolatnoma tuzganligi, mazkur dalolatnoma sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishga asos bo‘lganligini inobatga olib, unga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini muhokama qilish uchun xususiy ajrim chiqarildi.
Kamoliddin To‘xtayev,
Samarqand shahar iqtisodiy sudi raisi.