O‘z vaqtida qilingan to‘lovsuv ta’minotining yaxshilanishiga xizmat qiladi
Yer yuzi aholisining asosiy muammosiga aylanib borayotgan ichimlik suvi yetishmovchiligi yurtimiz uchun ham dolzarb bo‘lmoqda. Keyingi yillarda nafaqat daryolarimizda, balki yer ostida ham suvning kamayib borishi ichimlik suvi tanqis bo‘lishiga olib kelyapti.
Viloyat hokimi E.Turdimov o‘tgan hafta «Samarqand suv ta’minoti» MChJda bo‘lib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolarni soha mutaxassislari bilan birga muhokama qildi.
Yig‘ilishda viloyat aholisining ichimlik suvi va oqova xizmatlaridan 90 milliard so‘mga yaqin qarzdorligi yuzaga kelgani soha rivojiga to‘siq bo‘layotgani, tizimni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, yangi suv inshootlari qurish imkonini bermayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda viloyat aholisining 70,6 foizi markazlashgan, 29,4 foizi esa turli suv manbalari orqali suv bilan ta’minlangan. 1126 ta mahallaning 543 tasi qisman, 137 ta mahalla aholisi esa markazlashmagan holda suvdan foydalanib kelmoqda.
- Yurtimizda aholi salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy va hududiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi 5-6 yilda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan avvalgi yillarda nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. - Iste’mol qilingan suv uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, yangi suv inshootlari qurish va ta’mirlash uchun mablag‘ yetishmasligi mumkin. Prezidentimiz aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratib, respublikamizdagi 30 ta tuman qatori viloyatimizdagi Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy tumanlarida ham ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash vazifasini qo‘ydi.
Biroq viloyat hokimi ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilayotgani, iste’molning aniq hisobi yo‘qligini, ayrim suv nasoslari va soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirganligini ta’kidladi.
Hozirda «Samarqand suv ta’minoti» MChJ Samarqand shahar filiali bo‘yicha qariyb 141 ming nafar iste’molchidan 63229 tasining 43 milliard 862 million so‘m qarzi mavjud. Qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha shaharning barcha sektorlarida ishchi guruhlar tuzilib, xonadonma-xonadon ichimlik suvi va oqova xizmatlaridan qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda. Natijada bir haftada mavjud qarzdorlikni 38,6 milliard co‘mgacha kamaytirishga erishildi.
Bugungi kunda 1837 ta suv inshootidan 650 tasi, 6412,6 kilometr suv tarmoqlarining 834,1 kilometri, ya’ni 13 foizi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, shuningdek, aholi xonadonlarining bor-yo‘g‘i 18,3 foizi oqova suv xizmati bilan ta’minlangan.
- Joriy yilda turli dasturlar asosida 90 ga yaqin mahalladagi 160 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 85,9 ming nafar aholi ta’minoti yaxshilandi, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» MChJ direktori o‘rinbosari Akram Siddiqov. - Yil yakunigacha aholi punktlarining markazlashgan suv ta’minotini 70,6 foizdan 74,5 foizga, oqova xizmatini esa 18,7 foizdan 20,6 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Jumladan, joriy yil oxirigacha Kattaqo‘rg‘on tumanida 35,1 milliard so‘m hisobiga 198,1 kilometr tarmoq va 23 ta suv inshooti quriladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 36,3 foizdan 59 foizga yetkaziladi. Shuningdek, Oqdaryo tumanida 15,1 milliard so‘m sarflanib, 33,1 kilometr tarmoq va 7 ta suv inshooti quriladi, ta’minot 43,6 foizga, Ishtixonda 66 milliard so‘m evaziga 37 kilometr tarmoq va 8 ta suv inshooti foydalanishga topshirilishi natijasida ichimlik suv ta’minoti 47,4 foizga yetkaziladi.
2024 yilda esa 99 kilometr ichimlik suvi, 19 kilometr oqova tarmoqlari, 4 ta ichimlik suvi, 2 ta oqova tozalash inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.