9600 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga jalb qilingan

Bu haqda viloyat bandlik bosh boshqarmasi mas’ullari va OAV vakillari ishtirokida yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Joriy yilning o‘tgan 10 oyida 9600 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqaro 43 turdagi ishchi kasblar bo‘yicha o‘qitishga jalb etildi, - deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Erkin Toshbotirov. - Shundan 7445 nafari ayollar, 5337 nafarini yoshlar hamda 242 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. O‘qishga jalb qilinganlarning 1562 nafari ishsiz (stipendiyali), 8037 nafari ish qidiruvchi sifatida (stipendiyasiz) o‘qitishga jalb etilgan. Joriy yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, o‘qishga jalb qilingan fuqarolarning 4829 nafari o‘qishni tugatgan va 4 338 nafarining bandligi ta’minlangan, 3055 nafar fuqaro o‘qishni davom ettirmoqda.
Jumladan, kasb-hunar o‘rgatishga jalb etilgan fuqarolarning 8219 nafari bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi “Ishga marhamat” monomarkazi, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va maskanlarida, 1232 nafari turli vazirlik va idoralar tasarrufidagi kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida, 55 nafari milliy hunarmandchilik yo‘nalishida “Usta-shogird” uslubida, 93 nafari nodavlat kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qitildi.
Viloyatda bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi “Ishga marhamat” monomarkazi, 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi - Samarqand shahar ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA), Kattaqo‘rg‘on kasb-hunarga o‘qitish markazi, Bulung‘ur, Jomboy va Ishtixon kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda tuman (shahar)larda 122 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskani faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, viloyatda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini qurilish sohasi bo‘yicha o‘qitish maqsadida “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi” tashkil etilgan.
Erkin Toshbotirovning ta’kidlashicha, “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi”da fuqarolar 14 ta kasbga o‘qitiladi. Xususan, joriy yilda 500 nafar aholi markazga jalb qilinib, 150 nafari migiratsiya shartnomalari asosida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga ketgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.