Viloyatda yoshlar muammolari qanday hal qilinyapti?

Mazkur savol bo‘yicha viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov o‘tgan yil davomida qilingan sarhisobini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, viloyatda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 2 million 354 ming 160 nafarni tashkil qiladi. O‘tgan yilda ularning muammolarini o‘rganish va hal etilishiga ko‘maklashish, yosh avlodning iste’dodi, qobiliyatlarini rivojlantirish hamda qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida bir necha yo‘nalishdagi ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, hozirgacha ularning muammolari 6 ta yo‘nalishda “Yoshlar daftari” elektron platformasi, “Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi”, 1093 qisqa ishonch telefon raqami, “Yoshlarportali.uz”, “Samyoshbot” telegram kanallari hamda “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi orqali o‘rganilib kelinmoqda.

Viloyatdagi 18-30 yoshdagi 701 ming 211 nafar yoshlarning ijtimoiy himoyaga, iqtisodiy va psixologik qo‘llab-quvvatlashga muxtoj va ishsiz yoshlardan iborat 74 ming 114 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Shundan 71 ming 279 nafar yoshlarning muammolari ijobiy hal etilib, daftardan chiqarildi. Ayni vaqtda 2835 nafar yoshlar daftarda bo‘lib, ulardan 2705 nafari ijro holatida, 130 nafari doimiy davlat ko‘magiga muxtoj bo‘lganligi uchun yoshlar daftarida doimiy turadi.

2021 yilda Yoshlar jamg‘armasidan 9 yo‘nalishda 30,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 18 ming 804 nafar yoshlarning muammolari ijobiy hal etilgan bo‘lsa, “Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi” bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan 19 ming 314 ta muammo aniqlandi. Shundan 18 ming 887 ta muammo ijobiy hal etildi, 427 tasi ijroga qaratilgan. Joriy yil 15 fevral holatiga ko‘ra, sektor rahbarlari tomonidan 2023 ta muammo aniqlandi. Shundan 1297 ta muammo ijobiy hal etilib, 726 tasi ijroga qaratildi.

“Samyoshbot” telegramm kanali orqali o‘tgan yilda 766 ta muammoli murojaatlar kelib tushdi va barchasining ijrosi ta’minlandi. O‘tgan yil iyun oyida ishga tushgan “Yoshlarportali.uz” telegramm kanali orqali esa 199 ta muammoli murojaatlar kelib tushdi va barchasining ijrosi ta’minlandi. Joriy yil 15 fevral holatiga ko‘ra, 175 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 174 tasining ijrosi ta’minlanib, bittasi ijroga qaratildi.

O‘tgan yil may oyida ishga tushgan “1093” qisqa ishonch telefon raqami bo‘yicha 50 ta muammoli murojaat kelib tushdi va ijrosi ta’minlandi. 2022 yil 15 fevral holatiga 3 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bittasining ijrosi ta’minlandi, ikkitasi esa ijro holatida.

“Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan yil davomida 3140 nafar yoshlarning 70 ta yirik ishlab chiqarish korxonalariga “Biznes sayoxat”lar, 1000 nafar yoshlar 48 soatlik tadbirkorlik faoliyati kurslariga bepul o‘qitildi. “Biznes marafon” motivatsion treninglarda 12 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olinib, 90 nafar yosh tadbirkorlarning 4 milliard so‘mlik loyihalari oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari orqali moliyalashtirildi.

Bundan tashqari, yoshlarning iste’dodi va qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida yosh toifalari bo‘yicha har xil to‘garaklar, fan olimpiadalari va turli innovatsion loyihalar doirasida amaliy ishlar qilinmoqda.

Jumladan, muassasalarda 41 ming 708 ta to‘garak, fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar hamda innovatsion loyihalar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 2 million 777 ming 540 nafar yoshlarining iste’dodi va qobiliyatlari rivojlantirilgan.