Voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari profilaktikasida mahallaning o‘rni qanday?

Prezidentimiz Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Gulshan” mahallasiga qilgan tashrifida "Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul – hammasini bilishi lozim. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo‘ladigan maskanga aylantirishdir”, deb ta’kidlagan edilar.
Darhaqiqat, bugungi kunda mahallaga alohida e’tibor berilmoqda. Yoshlar o‘rtasida, ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olishda mahallaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga 1-ilova sifatida keltirilgan “Mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi Nizom”da bu jihatga alohida e’tibor qaratilgan.
Nizomning 1-bandidayoq mahalla huquq-tartibot maskani mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiradigan, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etadigan ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi nazarda tuzilgan. Demak, voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari profilaktikasida mahallaning o‘rni juda salmoqli va bu barcha jabhalarda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
“Mahalla – sharq demokratiyasi” degan iborani eshitmagan inson kamdan-kam uchrasa kerak. Shunday ekan mahallalarni jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirish yuqoridagi iboraning tub mohiyatiga real yetib borishning eng birlamchi yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Ulfat Shonazarov,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi.