Vrachlar hayron, bemorlar sarson!

Ota-onam ancha keksayib qolganligi tufayli hududimizdagi tibbiyot bo‘limlariga oyda bo‘lmasa ham bir yarim-ikki oyda bir murojaat qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Otamni o‘tgan yil dekabr oyida tibbiy yo‘llanma asosida 10 kun, shu yil may oyi oxiri, iyun oyining boshida 7 kun viloyat ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasida davolatishga yotqizdik. Kasalxona vrachlari, hamshiralar o‘z sohasining bilimdonlari, xushmuomala, fidoyi mutaxassislar ekan, otamga yaxshi qarashdi. Buning uchun ularga rahmat!
Lekin dori-darmon masalasida ahvol butkul boshqacha. Kasalxonada oddiy natriy xlor ham yo‘q (ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi boshqa kasalxona, poliklinikalarda ham ahvol shunday). Deyarli barcha dori-darmonni kasallarning o‘zi sotib oladi.
Kasalxona davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, davolovchi vrach ishtirokida nima uchun bu holat yuzaga kelayotgani haqida suhbatlashdik. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda amalda bo‘lgan tibbiy sug‘urta bo‘yicha imtiyozli davolanishga kelgan bir bemor uchun 2 million 700 ming so‘m, boshqa bir nechta tashxislar uchun 3 million 500 ming so‘m mablag‘ ajratiladi. Shu mablag‘dan bir kunlik yotoq puli 252 ming so‘mni, kunlik dori-darmonga esa bor-yo‘g‘i 16 ming so‘mdan 23 ming so‘mgacha mablag‘ ajratilar ekan. Lekin shu 16 ming so‘mlik dorilar ham kasalxonaga deyarli yetib kelmayapti, dori yo‘q. Bir kunlik ovqat puli uchun 27 ming so‘m to‘lanadi (nogironligi bo‘lsa bepul).
Vrachlarning ta’kidlashicha, agar har bir bemor uchun kuniga kamida 100 ming so‘mlik dori-darmon ajratilsa, bu dorilar vaqtida kasalxonaga berilsa, bemorlarning shifo topishiga imkon yaratiladi.
Tibbiyotdagi bu muammoga soha mutasaddilari qanday munosabat bildiradi?
Xolmurod SORIYeV.