VXTB boshlig‘i o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

Qadrli ustoz va murabbiylar, aziz hamkasblar!

Sizlarni, uzoq yillar davomida barkamol avlodga ta’lim-tarbiya berib, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlab kelayotgan barcha pedagoglarimizni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan tabriklayman.

E’tirof etish joizki, bugun jamiyatimizda o‘qituvchiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik kun sayin ortib bormoqda. Muhtaram Yurtboshimiz o‘qituvchi obro‘sini oshirish, ularga ehtirom ko‘rsatish, mehnatini qadrlash va munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.

Qolaversa, O‘qituvchi va murabbiylar kunini nishonlash, bu kunni dam olish kuni sifatida belgilab, ularga ehtirom ko‘rsatish faqatgina O‘zbekistonda borligini ham e’tirof etishimiz lozim.

 Albatta, bu rag‘bat, bildirilayotgan ishonch pedagogika sohasida faoliyat olib borayotgan har bir hamkasbimizni ruhlantiradi, qalbini iftixorga to‘ldiradi. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida o‘qituvchilarimiz huzur-halovatdan voz kechib, o‘quvchi-yoshlarga saboq berib kelayotgani tahsinga sazovor. Ayni paytda o‘qituvchilarimizning qanchalik bolajonligi, ularning kasbiga, o‘quvchisiga mehr-muhabbati, sadoqati namoyon bo‘lmoqda, desak haqiqatdir.

O‘z navbatida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda ayni sinovli damlarda, shifokorlar bilan yonma-yon faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarimizni bugungi kun qahramonlari, deb atagani barchamizga g‘ayrat va shijoat bag‘ishladi.

Mana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasi sifatida bugun yoshlarimiz orasida o‘qituvchilik kasbini tanlashga ishtiyoqning har doimgidan ortgani, o‘qituvchi va murabbiylarimizning avvalgidan ming chandon ortiq mas’uliyatni chuqur his etib, o‘z ustida ishlash, malaka va tajribasini oshirishga kirishgani e’tiborga molik.

Bugun viloyat xalq ta’limi tizimida 56 ming nafardan ziyod o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Davlatimiz hamda mahalliy hokimliklarimiz tomonidan xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarning samarali faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilda viloyatimizda 1 ta yangi maktab qad rostlayotgani, 51 tasida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, ushbu bunyodkorlik ishlariga Investitsiya dasturi asosida 128 milliard so‘m, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 65 milliard so‘m mablag‘ safarbar etilganini ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, o‘tgan va joriy yil davomida viloyat hokimining tashabbusi bilan xalq ta’limi tizimini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 102 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani fikrlarimizning tasdig‘idir. Bugun bunday xayrli ishlar uzluksiz davom etayotgani barchamizga xursandchilik bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, o‘qituvchining og‘irini yengil qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qolaversa, xalq ta’limi sohasini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan barcha davlat va hukumat rahbarlariga, viloyat, tuman va shahar hokimlari va sektor rahbarlariga samarqandlik barcha pedagoglar nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bugungi kunda o‘quvchi va o‘qituvchilarimizning salomatligini o‘ylab, o‘zlarining yordamini ayamay kelayotgan shifokorlarimizga, huquq-tartibot organlari xodimlariga, faoliyatimizni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda hamkorlik qilib kelayotgan jurnalistlarimizga, umumta’lim muassasalarida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ko‘mak berib kelayotgan ota-onalar kengashlariga ham tashakkur izhor etamiz.

Aziz muallimlar!

Bugun Sizu bizga e’tibor va g‘amxo‘rlik kun sayin ortayapti. O‘qituvchining ta’lim sifati va samaradorligini oshirishi, o‘z ustida ishlashi uchun barcha sharoit yaratilyapti. Xalqimizning o‘qituvchiga bo‘lgan ishonchi, umidi ham kun sayin ortib bormoqda. Demak, ishonch, e’tibor va rag‘batni oqlash lozim. Har bir bolaning taqdiri uchun javobgarlikni ota-onadan kam his qilmagan holda, bor mehr va salohiyatimizni o‘quvchi kamolotiga sarflashimiz burchimizdir.

Sizlarga mana shunday sharafli va mas’uliyatli vazifani astoydil amalga oshirishda g‘ayrat va shijoat tilayman. Har biringizga doim el-yurt hurmat-izzatida bo‘lish, shogirdlar muvaffaqiyatidan ruhlanib yashash nasib qilsin! Eng tabarruk va sharafli kasbiy faoliyatingizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Bayramlaringiz muborak bo‘lsin!

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.