Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi, xalq deputatlari Qo‘shrabot hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlari kengashlari qo‘shma qarori

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida fuqarolarning axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishda, qabul qilinayotgan qarorlarning sifati uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonunchilik hujjati sifatida 2014 yil 5 mayda "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.
Viloyat Kengashi ishchi guruhi tomonidan 2013 yilda Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi bo‘yicha huquqiy eksperiment doirasida birmuncha ishlar amalga oshirilganligi o‘rganilgan.
2017 yil davomida tuman hokimlarining qarorlaridan atigi 11 tasi Qo‘shrabot ("Istiqlol sari") va Kattaqo‘rg‘on ("Kattaqo‘rg‘on tongi") tuman gazetasida chop etilgan. Biroq 2017 yil davomida tuman kengashi hamda boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar matbuotda e’lon qilinmagan, tuman veb-saytiga joylashtirilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 9 dekabrda qabul qilingan "Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi Farmoni talabidan kelib chiqqan holda davlat boshqaruv organi ro‘yxati tuman hokimligida to‘liq shakllantirilmagan.
"Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonunning 12-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish (chop etish) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, veb-saytlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, 2016 va 2017 yillar davomida birorta ham davlat boshqaruvi organi bevosita o‘z faoliyati yuzasidan gazeta va ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilmagan.
Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturlari va boshqa hududiy dastur bandlari ham tuman hokimligi tomonidan mahalliy gazeta tahririyatiga yetkazilmagan, hokimlik veb-saytlariga joylashtirilmagan. Hozirgacha bu dastur ijrosi bo‘yicha gazetada tumanda qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan.
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi veb-saytining "Mahalliy kengash" bo‘limida xalq deputatlari Jomboy tumanining "Jomboy tuman mahalliy byudjetini shakllantirish" mavzusida material kiritilgan.
Aksariyat tashkilotlarda tashkilot faoliyatiga oid stendlar qonun talabi asosida tashkil etilmagan, bu ishga mutasaddi xodim biriktirilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonunining ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari viloyat, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlari Kengashlari QAROR QILADI:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonun talablarining Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ijrosi yuzasidan ishchi guruhi rahbari O.Axtamovning axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonuni ijrosi Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida talab darajasida emasligi ta’kidlansin.
3. Qo‘shrabot (H.Oqbo‘tayev) va Kattaqo‘rg‘on (A.Bahromov) tumanlari hokimliklarining veb-saytga mutasaddi xodimlariga tuman moliya, g‘aznachilik, madaniyat va sport ishlari bo‘limi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi rahbarlariga o‘z faoliyatlarini qonun talablari asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi qayd etilsin.
4. TATU Samarqand filiali (A.Xoljigitov)ga Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlari hokimliklarining veb-saytini yangilash, yagona portal xizmatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etilsin.
5. Shahar va tuman hokimlari, viloyat boshqarma, korxona va tashkilotlar rahbarlariga:
– 25 dekabrga qadar joylarda jamoatchilik ishtirokida yil yakunlari bo‘yicha matbuot konferensiyalari o‘tkazish;
– veb-saytlarning muntazam yangilanishi va ma’lumotlar bilan ta’minlanishini shaxsan nazorat qilish;
– har bir idoraga kirish yoki keluvchilarga qulay joyda idora faoliyatiga oid stendlarni tashkil etish vazifasi topshirilsin.
6. Viloyat teleradiokompaniyasi (F.To‘rayev), viloyat "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati (F.Toshev), "Ovozi Samarqand" gazetasi (B.Rahmonov), shahar va tuman hokimliklariga qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, yagona portal xizmati va veb-saytlar faoliyatiga oid tahliliy materiallarni muntazam berib borish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O.Axtamov)ga hamda xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on (A.Bahromov) va Qo‘shrabot (H.Oqbo‘tayev) tumanlari Kengashlari raislariga yuklatilsin.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi
raisi T.JO‘RAYeV

Xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman Kengashi raisi
H.OQBO‘TAYeV
Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashi raisi
A.BAHROMOV

2017 yil 18 dekabr