Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori
Jumladan, 2017 yil yakunida viloyatdagi yalpi ichki mahsulot hajmi 18 trillion 319 milliard so‘mga yetib, 102,5 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 9 trillion 167 milliard so‘m (104,5 foiz)ga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 9 trillion 88 milliard so‘m (101,4 foiz)ga, qurilish ishlari hajmi 2 trillion 351 milliard so‘m (95,6 foiz)ga, chakana savdo aylanmasi hajmi 9 trillion 17 milliard so‘m (101,2 foiz)ga, jami xizmat ko‘rsatish hajmi 8 trillion 237 milliard so‘m (104,9 foiz)ga, tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 96 million AQSh dollarini tashkil etib, 112,3 foizga bajarilgan.
Shuningdek, 211 ta yangi korxonalar eksportga jalb etilib, jami eksport hajmi 197,2 million dollarni tashkil etgan.
Shundan, 67,1 million AQSh dollarlik sanoat, 130,1 million AQSh dollarlik, (169 ming tonna) qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan.
Eksportning asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Eron, Ukraina, Tojikiston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Xitoy, Belarus va boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2017 yilgi viloyat byudjet parametrlariga asosan, mahalliy byudjet ijrosi bo‘yicha yillik daromadlar rejasi 1 trillion 557,3 milliard so‘mga yoki 102,8 foizga bajarilgan (49,2 milliard so‘mga ortiq).
Bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri aholini ish bilan ta’minlashdir. Bu sohada o‘tgan yil 77 ming 695 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, belgilangan prognoz (76 ming 600 ta) rejasi 101,3 foizga bajarilgan.
Davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan 2017 yil uchun investitsiya dasturiga asosan, respublika byudjetidan 148,6 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi reglamentining 5412-moddasiga asosan, viloyat Kengashi sessiyasi QAROR QILADI:
1. Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayevning 2017 yilda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisoboti to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev va mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining 2017 yildagi faoliyati qoniqarli deb hisoblansin.
3. Mahalliy davlat hokimiyatining islohotlardagi tashkilotchilik, tashabbuskorlik rolini yanada kuchaytirish maqsadida viloyat hokimligiga quyidagilar tavsiya etilsin:
– viloyat hokimining o‘rinbosarlari (Sh.Xudoyberdiyev, O‘.Abdullayev, K.Qurbonov, A.Umarov, O.Boboyev, M.Voseyev, Sh.Qulmatov, M.Fafurova) "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid hududiy davlat dasturi"da belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta’minlash;
bunda faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy, tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik sub’yektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqishga qaratish;
– ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmog‘ini yaratish, aholi bandligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratish;
– xorijiy sheriklar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash;
– zamonaviy ishlab chiqarishni joriy etishga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyalar hamda texnologiyalarni, faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
– hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi va aholining hayot darajasi hamda farovonligini oshirishga ko‘maklashuvchi fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
– ilg‘or fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli xodimlar hamda fuqarolarni har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlash;
– "Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart", degan qoidani ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratish.
4. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (Q.Sobirov) tijorat banklari bilan birgalikda, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining bank tizimiga ishonchini kuchaytirish, banklar bilan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini ta’minlash maqsadida tijorat banklari bilan hududlarda bu borada uchrashuv, davra suhbatlari grafigini ishlab chiqib, targ‘ibot ishlarini olib borsin hamda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida materiallar bilan chiqish qilsin.
5. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari (Sh.Xudoyberdiyev, O‘.Abdullayev, K.Qurbonov)ga 2018-2019 yillarda Samarqand viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish dasturi loyihalarini tarmoq jadvallariga muvofiq belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash, dasturni amalga oshirishda aniqlangan muammoli masalalarni hal etish choralarini ko‘rish vazifalari topshirilsin.
6. Viloyat hokimining o‘rinbosari O‘.Abdullayev viloyat uy-joy kommunal xizmati boshqarmasi (R.Sattarov), "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari" AJ (M.Pardayev), Samarqand viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali (Q.Faniyev) bilan birgalikda aholi, ijtimoiy soha ob’yektlari, investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga o‘z vaqtida ulanishini hamda uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
7. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev, viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi (X.Nazarov), Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (Q.Sobirov), Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi (J.Musayev), tijorat banklari hamda shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
viloyat hokimining 2018 yil 22 yanvardagi 47-Q-sonli qarori bilan tasdiqlangan dasturga kiritilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini tegishliligi bo‘yicha tashabbuskor va xorijiy hamkorlarni, shuningdek, loyiha quvvati, moliyalashtirish manbasi, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki, amalga oshirish muddati va yaratiladigan ish o‘rinlarini aniqlasin;
har bir loyihaning tarmoq jadvalini ishlab chiqqan holda ularning amalga oshirilishi yuzasidan zaruriy choralar belgilab, ijrosini doimiy nazoratga olsin.
8. Viloyat hokimining o‘rinbosari O‘.Abdullayev viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (N.Sodiqov) bilan birgalikda hududlarning bosh rejalarini, shuningdek, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish, aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqish, ishlab chiqilayotgan shaharsozlik hujjatlari sifatini yaxshilash, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks tadbirlar dasturini o‘z vaqtida amalga oshirsin.
9. Viloyat hokimining o‘rinbosari K.Qurbonov Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (Q.Sobirov), fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi (J.Mamashev), tijorat banklari bilan birgalikda meva-sabzavotchilik, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik, quyonchilik, issiqxonalar tashkil etish sohalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘z vaqtida bajarish, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va ularni shaxsiy tomorqalaridan unumli foydalanish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini olib borsin.
10. Viloyat hokimining o‘rinbosari K.Qurbonov viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi (Sh.Safarov), fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi (J.Mamashev), "Agrobank" ATB viloyat boshqarmasi (B.Bobonazarov), viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (S.Hakimov), "Agrokimyohimoya" AJ hududiy filiali (M.Nazarov), "Agroservis MTP" MChJ (R.Hayitov) hamda tumanlar hokimlari bilan birgalikda paxtadan bo‘shaydigan yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini, eng avvalo, ozuqa va moyli ekinlarni joylashtirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsin.
Moliyaviy resurslar ajratilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy himoya vositalari hamda boshqa resurslar va xizmatlar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda yetkazib berilishi, tuzilgan shartnomalar shartlariga rioya etilishi, shuningdek, o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishi va ajratiladigan kredit resurslari qaytarilishi yuzasidan aniq nazorat mexanizmini amalga oshirsin.
11. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev viloyat bandlik bosh boshqarmasi (A.Usmanov), shaharlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda viloyatning 2018 yilda doimiy ish joylarini yaratish bo‘yicha tasdiqlangan bandlik dasturini belgilangan muddatlarda yaratilishini ta’minlash hamda dastur bajarilishining har oy yakuni bilan muhokamasini tashkil etsin va viloyat hokimiga axborot kiritib borsin.
12. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat davlat soliq boshqarmasi (Z.Norqo‘ziyev), shaharlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda viloyatning 2018 yilgi mahalliy byudjetining daromadlar qismi bo‘yicha shakllanadigan soliqlar va majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida undirilishini ta’minlasin.
13. Viloyat hokimining o‘rinbosari O.Boboyev investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi (J.Musayev), shaharlar va tumanlar hokimlari, viloyatdagi sektorlar rahbarlari bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida har oyda har bir hududga 50 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etish choralarini ko‘rsin.
14. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi (X.Nazarov), Tashqi savdo vazirligi viloyat vakili (N.Sulaymonov), shaharlar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari bilan birgalikda 2018 yil uchun belgilangan 331 122 million AQSh dollari (shundan, sanoat mahsulotlari 100 806 million AQSh dollari, meva-sabzavot mahsulotlari 230 316 million AQSh dollari) miqdoridagi mahsulotlarni eksportga chiqarish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rsin.
15. Viloyat hokimining o‘rinbosari M.Voseyev viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi (D.Narziqulov) bilan birgalikda ikki oy muddatda turizm salohiyati, ya’ni madaniy meros ob’yektlari, muzeylar, dam olish va ko‘ngilochar maskanlari, istirohat bog‘lari, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish majmualari, yo‘l bo‘yi infratuzilmalari, zamonaviy sanitariya-gigiyena uzellari aks ettirilgan viloyat, tumanlar va shaharlar pasportini ishlab chiqsin.
16. Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi (A.Jo‘rayev), shaharlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda skrining markazlarini jihozlash, dori-darmon va tibbiyot uchun zarur bo‘lgan vositalar bilan ta’minlash, jumladan, har bir tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun 18 ta yuqori texnologiyali UZD skaner apparatlarini yetkazish choralarini ko‘rsin.
17. Ushbu qaror viloyatning rasmiy ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarida e’lon qilinsin.
18. Mazkur qaror bajarilishini ta’minlash viloyat hokimining sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari (Sh.Xudoyberdiyev, O‘.Abdullayev, K.Qurbonov, A.Umarov, O.Boboyev, M.Voseyev, Sh.Qulmatov, M.Fafurova), nazorat qilish viloyat hokimining hisobotiga doir masalani sessiyaga kiritishga mas’ul etib belgilangan xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (Z.Karimov) zimmasiga yuklansin.
Viloyat Kengashi sessiyasi
raisi B.ShAROFOV
2018 yil 12 mart