Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori

"Prokuratura to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashi QAROR QILADI:

1. Samarqand viloyati prokurori F.Zufarovning "Samarqand viloyati prokuraturasining 2017 yilda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati to‘g‘risida"gi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari, tuman va shahar kengashlari va viloyat hokimining sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlariga quyidagi vazifalar tavsiya etilsin:
– axborotda bildirilgan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, joylarda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
– O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash;
– mansabdor shaxslarning o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishdagi mas’uliyatini oshirish choralarini belgilash va amalga oshirish;
– "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturining bajarilishini to‘liq ta’minlashga erishish. Bunda rahbar kadrlarning mas’uliyatini yanada oshirish;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasi, viloyat hokimligiga kelgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlash; 
– tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan dasturlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. Kichik va xususiy biznesni keng qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash va amalga oshirish;
– tashqi iqtisodiy faoliyat va xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi, ayniqsa, ularni tashkil etish borasidagi vakolatlardan to‘liq foydalanishga erishish choralarini ko‘rish;
– sog‘liqni saqlashga qaratilgan qonun va qarorlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
– qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish choralarini ko‘rish, fermerlik harakatini keng omma orasida targ‘ibot qilish, fermer xo‘jaliklarining qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga e’tiborni kuchaytirish; 
– kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratish. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimligi tomonidan berilgan topshiriq, ko‘rsatma va tavsiyalarni bajarishda barcha pog‘onadagi mas’ul xodimlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish; 
– uzoq muddatga chetga chiqib ketgan va qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlashda ijroiya hokimiyat hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining uzviy hamkorlikdagi mas’uliyatini yanada oshirish; 
– voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishda hokimlik huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish;
– aholi o‘rtasida qonunlar huquqiy targ‘ibotini yanada kengaytirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, bunda asosiy e’tiborni o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga qaratish.
3. Xalq deputatlari viloyat Kengashining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O.Axtamov)ga tuman va shahar kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari bilan qo‘shma yig‘ilishlarida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini muhokama etib borsin. Ushbu yig‘ilishlarda hududlardagi tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish tizimidan keng foydalanishni  ta’minlasin.
4. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O.Axtamov) va viloyat hokimining sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari (Sh.Xudoyberdiyev, A.Umarov, O‘.Abdullayev, K.Qurbonov, Sh.Qulmatov, M.Voseyev, O.Boboyev, M.o‘afurova) zimmasiga yuklansin.

Viloyat Kengashi sessiyasi
raisi  B.ShAROFOV
2018 yil 12 mart