Xalq ichidan chiqqan va el orasida yurgan deputatlar

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan deputatlar Mavjuda Hasanova hamda Dilbar Mamajonova joylarda olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Xususan, deputatlar bugun Bulung‘ur tumanida bo‘lib, tumanda kambag‘allikni kamaytirish, shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida oilalarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqib o‘rganishdi.

Deputat Mavjuda Hasanova birinchi va uchinchi sektor hududi, Mingtepa, Nurli yo‘l, Isori o‘roqli, Oqtosh mahallalari misolida holatni o‘rgangan bo‘lsa, Dilbar Mamajonova ikkinchi va to‘rtinchi sektorlardagi Cho‘yantepa, Chorbog‘, Kaftarxona, Saxovat mahallalari misolida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

- Maqsad tekshirish emas, balki xalq ichiga tushib haqiqiy holatni joyida o‘rganish, ular bilan yaqindan suhbatda bo‘lish, muammo va takliflarini tinglab, faoliyatida ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish, - dedi Mavjuda Hasanova. – Zimmamizda ulkan mas’uliyat – xalq ishonchi turibdi. Bu ishonchni oqlash uchun imkon qadar har kuni xalq bilan yaqindan suhbatda bo‘lishga, ularni tinglashga, muammolarni o‘rganish va ularning ijobiy yechimi yuzasidan o‘z takliflarimizni berishga intilyapmiz.