Xalq qabulxonasi karantin talablari asosida fuqaro murojaatlarini hal qilmoqda

Bugungi sharoitdan kelib chiqib, xalq qabulxonalari aholi bilan muloqotni joriy etilgan karantin qoidalariga rioya qilgan holda davom ettirmoqda. Bunda birinchi navbatda fuqarolar murojaatini qabul qilish uchun “onlayn konferensiyalar” va “ishonch telefonlari” tashkil qilindi. Xalq qabulxonasi oldiga murojaatlar uchun maxsus qutilar o‘rnatildi.

Qabul qilingan har bir murojaat ijrosini ta’minlash maqsadida elektron dastur tashkil etildi. Ushbu dastur orqali har bir murojaat mutasaddi idora va tashkilotlarga yuborilib, ijrosi qat’iy nazoratga olingan. Jumladan, pandemiya davrida qabulxonamizga aholi tomonidan oziq-ovqat, moddiy yordam va boshqa muammolar aks ettirilgan 65 ta murojaat kelib tushdi. Ularni hal etish bo‘yicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda. Masalan, tumandagi sektorlar, tashkilotlar mas’ullari bilan hamkorlikda mahallalarda kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib, karantin qoidalariga qat’iy rioya etish, joriy etilayotgan qoidalarga amal qilish borasida tushunchalar berib kelinmoqda. Murojaat asosida tumanning 1- va 2-sektorlari hududida joylashgan mahallalarda yashovchi 506 nafar kam ta’minlangan, sharoiti og‘ir fuqarolarga shakllantirilgan ro‘yxat asosida 9 turdagi, jami 99,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 4-sektor hududidagi to‘rtta mahalla aholisiga arzonlashtirilgan narxlarda un mahsuloti tarqatildi. Hozirgi kunga qadar 269,3 tonna undan 145,5 tonnasi aholiga 2900 so‘mdan yetkazib berilishi ta’minlandi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan tumandagi kambag‘al, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj 2248 oilaga hozirgi kunga qadar 5 541,4 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Kelib tushgan murojaatlar asosida har bir mahallada ko‘chma savdo do‘konlari ham tashkil qilindi. Natijada meva-sabzavot, kartoshka, un, yog‘ kabi oziq-ovqat mahsulotlari doimiy ravishda aholi yashayotgan hudud yoki shunga yaqin manzillarga yetkazilmoqda.

Qilingan murojaatlar hamda olib borilgan o‘rganishlar natijasida aholini ko‘p vaqtlardan beri qiynab kelayotgan muhim muammolardan biri Gulobod mahallasi hududida dorixona xizmati mavjud emasligidir. Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan hududda aholi uchun ijtimoiy dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yildi va zaruriy dori-darmonlar, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar yetkazib berilishi ta’minlandi.

Ilhom Murodov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.