Xalq qabulxonasi yordamida ehtiyojmand oilaga sog‘in sigir berildi

Oqdaryo tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi Zafar Achilovning xonadonida yaqinda ikki nafar egizak farzand dunyoga kelgan. Bu, albatta, oila uchun katta quvonch. Ammo ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila bu go‘daklar parvarishi va ro‘zg‘or yukidan biroz qiynaldi. Shu sababli ular bir bosh sog‘in sigir so‘rab turli idoralarga murojaat qildi. Ammo ular “Imkoniyat bo‘lishi bilan yordam qilamiz” deb va’da berishdi, xolos.
Oila vakillarining tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng, bu masalaga Prezidentning Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi bosh qo‘shdi. Homiy jalb qilingan holda Z.Achilov xonadoniga buzog‘i bilan sog‘in sigir keltirib berildi.
Viloyat Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev ushbu oila holidan xabar oldi va ularga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
– Odamlar dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezonidir, degan qarash Xalq qabulxonalari faoliyatining asosini tashkil etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oqdaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Alisher Egamberdiyev. – Har bir murojaatga, murojaatchiga ana shu nuqtai nazardan kelib chiqib, munosabatda bo‘lamiz. Har bir masalani imkon qadar, qonun doirasida ijobiy hal etish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Shuning uchun ham yil boshidan qabulxonamizga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 1524 murojaatning 1219 tasi qanoatlantirildi, 259 murojaat yuzasidan tushuntirish berdik, 46 tasi ayni paytda o‘rganish jarayonida.
Murojaatlar tahlil qilinganda, afsuski, eng ko‘pi - 226 tasi moddiy yordam so‘ralganlari bo‘ldi. Albatta, buning hammasini ham qanoatlantirish imkonsiz. Chunki moddiy yordam ajratishning ham o‘z tartib-qoidasi, me’yori bor. Shu asosida bu toifadagi murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda. Kredit olish, uy-joy va yer ajratish, ishga joylashtirish, kommunal to‘lovlar masalalari bo‘yicha murojaat qiluvchilar ham ko‘p bo‘ldi va barcha masalalar belgilangan tartibda ko‘rib, hal etilmoqda.
Misol uchun, tumanning Pichoqchi qishlog‘ida yashovchi Axtamxon Kenjayev 2019 yilda o‘z mablag‘i hisobidan “Pichoqchi tong yulduzchasi” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etgani, ammo bog‘chaga mebel jihozlari olish maqsadida uch yildan buyon imtiyozli kredit ololmayotgani haqida murojaat qildi. A.Kenjayevning murojaati tegishliligi bo‘yicha “Mikrokreditbank” Loyish filialiga yuborildi va qisqa vaqt ichida unga 216 million imtiyozli kredit ajratildi.
Xalq qabulxonalarida hudud rahbarlarining qabullarini ham o‘tkazish belgilangan. Mazkur tartib asosida yil boshidan buyon Oqdaryo tumani Xalq qabulxonasida tuman sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar tomonidan 74 marta qabul tashkil etilib, 1651 nafar fuqaroning murojaati eshitilgan. Bu murojaatlarning 1143 tasi qanoatlantirilgan.
Aholi murojaatlari bilan ishlashda hamma tashkilot, hamma rahbar ham birdek mas’uliyat bilan yondashmaydi. Buning oqibatida odamlar davlat idoralaridan, rahbarlardan norozi bo‘ladi. Ana shunday mutasaddilar, murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shahslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha Oqdaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan yil boshidan buyon 44 ta taqdimnoma va takliflar berilgan. Natijada 11 nafar shasxlar intizomiy, 9 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.