Xalq qabulxonasining aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan hamkorligi qanday?

Keyingi yillarda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ayni shu muhim ijtimoiy-siyosiy va inrastrukturaviy o‘zgarishlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari o‘z faoliyatini davlat va fuqarolar o‘rtasida hamkorlik qilishning yangi tizimini tashkil etish, davlat organlarida murojaatlarni ko‘rib chiqishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish, joylarda muammolarni o‘rganish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda murojaatlarni qonunchilikka rioya etish asosida hal etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni o‘rnatgan.

Jumladan, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar Samarqand tumani Xalq qabulxonasi tomonidan mavjud 51 ta mahallada hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilarining faoliyati o‘rganilib, aholi muammolari bilan ishlash, uyma-uy yurish asosida aniqlangan muammolarga yechim topishda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish borasida amaliy seminarlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Aholi bilan ishlash jarayonida suv ta’minoti masalalari bo‘yicha muammolar aniqlanib, tuman “Suv ta’minoti” bo‘limi bilan hamkorlikda tashkilotning tadbirlar rejasi ijrosi nazoratga olinib, yil davomida tumanning Shirinobod (Ilonsoy), Jo‘yi Abbos, Zaxlik, Yangijoy, Qo‘shmachit va Urganji mahallalarida ichimlik suvi ta’minotiga oid muammolar bartaraf etilishi ta’minlandi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda tumanning Jo‘yi Abbos, Qumzor va Ohalik mahallalariga yangi transformator hamda Talibarzui poyon, Qorasuv, Do‘stlik va Oqmachit mahallalarida yangi beton ustunlar o‘rnatildi. Samarqand tumani yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi bilan hamkorlikda Nayzatepa, Jarqishloq, Qavchinon, Ravonak, Qoziariq, Saxovat, Qo‘lba, Parrandachilik, Oqmachit, Mirzo Ulug‘bek, Sulfakabutak, Xaymaribolo va Xaymaripoyon mahallalaridagi ta’mirtalab yo‘llarga jami 31,9 km asfalt yotqizildi.

12 may kuni tuman Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlari tomonidan tumanning Sho‘rboyi mahallasida yashovchi Rustam Raupov va bir guruh fuqarolar murojaatlariga asosan mazkur mahallada yangi tashkil etilgan QVP binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur bino barcha zamonaviy mebel va tibbiy asbob uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, mahallada yashovchi 4500 nafar aholiga xizmat qiladi. Qishloq vrachlik punktida 2 nafar vrach va 6 nafar malakali patronaj hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Dasturdan tashqari tumanning Ipakchi mahallasiga jami 2,5 km shag‘al va asfalt yotqizildi, tumanning Mirishkor mahallasidagi qabristonga olib boruvchi 1,5 km yo‘l ta’mirlandi.

Bundan tashqari, 32-sonli oilaviy poliklinikada viloyat davolash muassasalari va tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasini malakali muxaxassislari ishtirokida Oqmachit mahallasida yashovchi aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, 1128 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 317 nafarida turli xil kasalliklar borligi aniqlangan. Shuningdek, tibbiy ko‘rik vaqtida shu joyning o‘zida 112 nafar fuqarolarga bepul ko‘z ynak, 157 nafar fuqaroni bepul dori-darmonlar berildi. Bundan tashqari, 244 nafar fuqaroga ambulator sharoitida va 73 nafariga shifoxonada davolanish uchun yo‘llanmalar ajratildi.

I.Murodov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.