Xalq qabulxonalariga kelgan murojaatlar qanday hal etilyapti?

Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalariga joriy yilning o‘tgan olti oyida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 6 ming 447 ta murojaatlar qabul qilingan.

Murojaatlardan 3545 tasi qanoatlantirilgan, 1949 tasi ijobiy yechimini topgan, 1549 tasi huquqiy maslahat berish orqali hal qilingan.

Masalan, Qo‘shrabot tumanining “Zarmitan” mahallasida yashovchi Oysara Jumayeva va bir guruh fuqarolar farzandlari ta’lim olayotgan 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi xonalari yetarli bo‘lmaganligi sababli maktabda darslar ikki, hatto ayrim hollarda uch smenada o‘tilayotganligini va maktab uchun qo‘shimcha bino qurib berishni so‘rab murojaat qilgan. Ularning murojaati asosida maktab uchun qo‘shimcha bino qurish Davlat dasturiga kiritilib, 2020 yil may oyida maktabga qo‘shimcha 140 o‘rinli yangi zamonaviy bino qurib berilgan.

Bundan tashqari, Payariq tumani Javshar ota mahallasida yashovchi fuqaro Izzat Sanayeva o‘z murojaatida uy-joyi yo‘qligi, II guruh nogironi va yolg‘iz onaligi, hozirda ijarada, qiyin sharoitda yashayotganligi sababli uy-joy bilan ta’minlanishida amaliy yordam so‘ragan. Fuqaro Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi qarori talablariga asosan imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlangan.

Tahlillarga ko‘ra, moddiy yordam olish (803 ta) gaz, elektr va suv ta’minoti (672 ta), aliment (435 ta), uy-joy (407 ta) bilan bog‘liq masalalarda eng ko‘p murojaatlar qayd etilgan.

Aholini ish bilan ta’minlash va ularning real daromadlarini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan 6 oy davomida 15 ming 859 nafar yoshlar turli soha va yo‘nalishlarda ishga joylashtirildi. "Har bir yoshga bir gektar" loyihasi doirasida 1460 nafar yoshlarga 942.2 gektar yer maydonlari ajratib berildi.

Xalq qabulxonalari aralashuvi bilan 3290 nafar doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, 610 nafar ishsiz fuqaro kasbga qayta o‘qitilmoqda.

Temur MURTAZAYeV,

Samarqand viloyati Xalq qabulxonasi mutaxassisi.