Xalq qabulxonasi demokratik institutga aylanadi(mi?)

Aslini olganda bundan ko‘p emas 5 yillar avval Qo‘shrabot tumani Bozorjoy, Qo‘rolos yoki Nurobod tumanidagi Po‘latchi, Jarquduq mahallalarida biror o‘zgarish bo‘lishiga ko‘pda umid qilinmas edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilishi, Xalq qabulxonalari tashkil qilinishi bu kabi qishloqlar odamlarida ham baxtli yashashga umid uyg‘otdi. Natijada bugun e’tibordan chetda qolayotgan barcha qishloqlarga zamon nafasi kirib bormoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ingichka qo‘rg‘oni ham bunga yorqin misol bo‘la oladi. Chunki bu yerda mavjud infratuzilma ko‘p yillik e’tiborsizlik oqibatida o‘ta nochor ahvolga kelib qolgan. Bu tabiiyki, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Aholi murojaatlaridan kelib chiqib, massivda 15,2 kilometr ichimlik suv quvurlarini yangilash, 2 kilometr irrigatsiya tarmog‘i qurish, 4 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish, 5 kilometr yo‘lga tosh-shag‘al, 1,7 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizish rejalashtirilgan. Shuningdek, hududda 3,3 kilometr piyodalar yo‘lagi va 1 ta bolalar maydonchasi quriladi.

Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun 232 ta beton ustun, 3 ta yangi transformator punkti o‘rnatish, 3 ta transformatorni kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Qo‘shimcha tarzda 12 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlanadi.

Misollar bor, ammo aksi ham yetarli

Shu paytgacha mavjud muammo, odamlarning murojaatlari asosida talay ibratli ishlar ham qilinganini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Misol uchun, viloyat bo‘yicha 28,7 kilometr tarmoq tortilib, 11 mingdan ziyod aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Birgina Toyloq tumanining Nurli yo‘l, Xo‘jayuz, Bog‘izog‘on va To‘qay mahallalariga 4,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilgach 3,5 ming nafardan ortiq aholi doimiy suv bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, Payariq va Oqdaryo tumanlarini bog‘lovchi Chovka qishlog‘ida yangi ko‘prik qurildi. Nurobod tumanidagi Oltinsoy mahallasi Uzku qishlog‘idan oqib o‘tuvchi Eski anhor kanali ustidagi ko‘prik ta’mirlandi. Umuman, viloyatda 5 ta yangidan qurilgan va ta’mirlangan ko‘priklar uchun 11,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Yo‘l qurilishi borasidagi ishlarga esa bundan qariyb o‘n barobar ko‘p mablag‘ sarflangan. Xususan, 116,2 milliard so‘m mablag‘ asosida 246 kilometr yo‘lga qum-shag‘al, 180,1 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi.

Ammo hamma rahbar ham ishni «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil asosida tashkil qilyaptimi? Afsuski, bu savolga “ha”, deb javob berib bo‘lmaydi. Negaki, joriy yilning 6 oyi davomida viloyat Xalq qabulxonasi binosida birgina Samarqand davlat chet tillar instituti rektori tomonidan shaxsiy qabul o‘tkazilgan. Viloyatning boshqa boshqarma, tashkilot rahbarlari bunday ishga hafsala qilmagan yoki imkon topmagan.

Endi beparvolik ham baholab boriladi

Davlatimiz rahbari tomonidan yuqorida qayd etilgan yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bundan tashqari, murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantiradi. Demak, endi Xalq qabulxonalari chin ma’noda demokratik institutga aylanadi. Zotan, shu paytgacha mazkur idora orqali yuborilgan murojaatlarga beparvolik holatlari uchrab turardi.

Misol uchun, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimligida 58 ta, viloyat prokuraturasida 9 ta, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasida 17 ta murojaatni ko‘rib chiqish muddati buzilgan va ijrosi ta’minlanmagan.

Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonasida 33 ta, “Samarqand suv ta’minot” MChJda 9 ta, “Hududgaz Samarqand» MChJda 3 ta, «Samarqand agrokimyohimoya» HAJda 3 ta, viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasida 3 ta murojaat qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan.