Xalqaro arxeolog olimlar Samarqandga keldi

Ular “Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy-madaniy merosi ob’yektlarini saqlash va o‘rganish bo‘yicha fanlararo tadqiqotlar: yutuqlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada qatnashdi.

Madaniy meros agentligi, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tashabbusi bilan o‘tkazilgan konferensiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birga Fransiya, Yaponiya, Rossiya davlatlaridan arxeologlar ishtirok etdi. Qolaversa, anjumanda Germaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa 10 ga yaqin mamlakatdan ta’mirshunos olimlar onlayn shaklda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Ishtirokchilar arxeologik qazilmalarni restavratsiya qilish usullari, metall topilmalarning fizik kimyoviy tahlili, qadimiy ashyolarning zamonaviylik bilan uyg‘unligi hamda sohada yangi loyihalar yaratish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. 

- O‘zbekistonda topilayotgan qazilma boyliklar dunyo arxeolog olimlarini hayratga solmoqda, - deydi Yaponiyaning Nagoya universiteti professori Etsuko Kageyama. - Surxondaryodagi Fayoztepada o‘tkazilgan qazishma ishlarida ishtirok etib, bu ko‘hna zamin qa’rida noyob osori-atiqalar borligiga guvoh bo‘ldim. 

Tadbir doirasida sohada ko‘p yillar faoliyat yuritgan olimlarning yubileylari ham tashkil etildi. Shuningdek, “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi” turkumidan chop etilgan, viloyat hududida qazishma ishlarini olib borgan olimlar hayoti va faoliyati haqidagi “Samarqand arxeologlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Marosimda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev so‘zga chiqib, kitobning kelajak avlod uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtaldi. Kitobni rus va ingliz tillariga tarjima qilish taklifi bildirildi. 

To‘lqin Siddiqov, 

Baxtiyor Mustanov (surat).