Xalqaro hamkorlik: Qishloq xo‘jaligi rivoji bo‘yicha Slovakiya va Polsha tajribasi ommalashtiriladi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “Agrar sohadagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish” mavzusida xalqaro muloqot uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqotda yurtimizdagi sohaga oid oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari, 15 dan ziyod xalqaro rivojlantirish tashkilotlarining 120 dan ortiq mutaxassis va ekspertlari hamda Slovakiya va Polsha Respublikalarining mamlakatimizdagi elchixonalari rasmiylari ishtirok etmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Qishloq xo‘jalik vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy, Polsha Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Marchin Vakar, Yevropa Ittifoqi ASK dasturi koordinatori Mark Van Uytvansk agrar sohada malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqotlarni samarali tashkil etishda xalqaro tajribani o‘rganish alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, grant mablag‘larini jalb qilish va ilmiy-innovatsion loyihalarni rivojlantirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jalik vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov. – Buning uchun avvalo tizimli taraqqiyot yo‘lini tanlab olishimiz zarur. Bunda ta’lim, ilm va maslahat tizimini o‘zaro integratsiyasini yo‘lga qo‘yish eng muhim masala hisoblanadi. Shu bois, biz sohada maslahat tizimini joriy qilish borasida amaliy ishlarni boshladik. Har bir tumanda qishloq xo‘jaligi maslahatchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi uchun samarali bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini fermerlarga yetkazish, amaliyot davomida fermerlarda tug‘ilgan tashabbus, taklif va muammolarni ilmiy-tadqiqot va oliy ta’limga olib chiqishdir. Bu orqali ilm va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanadi. Tabiiyki, ilmiy asosga ega tajribalar dalaga ko‘chsa, samaradorlik biz kutgan natijani beradi.

 

Tadbir grant loyihalarini yozish bo‘yicha treninglar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhokamalar, innovatsion ilmiy-tadqiqotlar taqdimotlari bilan davom ettirildi. Shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar bilan muhokamalar o‘tkazildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti laborotoriyalarida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bilan yaqindan tanishishdi.

– Bugungi anjuman qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega, – deydi Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy. – O‘zim ham Nitra shahridagi Slovakiya qishloq xo‘jaligi universitetini bitirganman. Soha vakili va unga befarq bo‘lmaganligim uchun bugungi anjumanda ishtirok etmoqdaman. Biz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha istiqbolli loyihalarni boshlaganmiz. Xususan, zamonaviy texnologiyalar asosida Xorazm viloyatida g‘alla yetishtiryapmiz. Jizzax viloyatida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun o‘g‘itlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapmiz. Bugungi tadbirga Slovakiyaning agrar sohaga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari vakillari taklif etilgan. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti bilan talabalar almashinuvi boshlangan. Ushbu anjuman hamkorlik aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘taradi, degan umiddaman.

Anjuman davomida xalqaro hamkorlar bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.