Xalqning dardi ko‘p, yashirib nima qilamiz? Ularni hal etish uchun zarur bo‘lsa, respublika rahbariyatiga ham so‘rov yuboryapmiz

  1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Joriy yilda men viloyat Kengashiga deputat sifatida saylangan okrug, xususan, Samarqand shahrida davlat dasturlari doirasida ulkan ishlar rejalashtirilgan. Xususan, 64,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2020-2022 yillarda Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasida loyiha qiymati 1 997 353 million so‘mlik 57 ta loyiha ishga tushirilishi va 1808 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Umuman, joriy yilning 1 yanvar holatiga Samarqand shahri aholisi 546,8 ming, shundan mehnatga layoqatli aholi soni 259,2 ming, ishsizlar soni esa 22,5 ming kishini tashkil qiladi.

Asosiy e’tibor qaratadigan jihat shuki, ko‘hna kentda 148,6 ming oiladan 2000 mingdan ko‘prog‘i kam ta’minlangan oilalar.

Shunga ko‘ra, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, hunarmandchilikni rivojlantirish kabi Davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 52,7 milliard so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, avvalgi yillarda berilgan kreditlar bo‘yicha 20,1 milliard so‘m undirish hisobiga yangi loyihalarni moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda shaharda “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 ta 16 qavatli 48 ta 3 xonali, 192 ta 2 xonali 240 ta xonadondan iborat arzon uy-joylar qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

  1. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Saylovchilar bilan dastlabki uchrashuvim Samarqand temiryo‘l-transport kollejida bo‘lib o‘tdi. Unda Al-Forobiy, Ziyokorlar, Mevazor, Bog‘bon va Adolat mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilindi.

Muloqot avvalida Prezidentning Oliy Majlisga Murojaati mazmun-mohiyati, keng qamrovli tahliliy ma’ruzada ifoda qilingan dolzarb masalalar, ulardan kelib chiqadigan asosiy vazifalar xususida batafsil to‘xtaldim.

Masala yuzasidan munosabatlardan so‘ng hududdagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabida va ayrim ko‘p qavatli turar-joy binolari sahnida bolalar sport maydonchasi yo‘qligi, o‘yin maydonchalari ajratilmaganligi, aksariyat turar-joy binolari kirish yo‘lagi eshiklarining kod-raqamlari bir xilligi xususidagi shikoyat va muammolar bildirildi.

Ziyokorlar, Mevazor, Bog‘bon mahalalarida elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar xususida e’tirozlar bo‘ldi. Bir guruh saylovchilar dorixonalarda narxlarning bir xil emasligi, ayrimlarida dori-darmonlarning qimmatligini bildirishdi.

Shuningdek, Bog‘bon va Adolat mahallalarida saylovchilar yangi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etish, obodonchilik ishlarini amalga oshirish, yo‘llarning ta’mirtalab holdaligi, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning bir xil bahoda emasligidan e’tiroz qilishdi.

Aytmoqchi bo‘lganim, saylovchilarning muammolari, aytadigan dardlari oz emas. Uchrashuvlarda bildirilgan masalalarning to‘liq o‘rganib chiqilishi, tegishli hokimlik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda baholi-qudrat hal etilishi choralarini ko‘ryapmiz. Xususan, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun “Yo‘l xaritasi” va tegishli dasturlarga qo‘shimcha kiritish choralari izlanmoqda.

  1. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlab bersangiz.

Bugungi kunda Samarqand shahrida joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binolaridagi 157 ta lift yaroqsiz holatga kelgan. Chunki Sartepa maskanidagi liftlar 1980 yillarda, Sug‘diyona hamda “A”, “B” Buyuk Ipak yo‘li massivlaridagi liftlar 1982-1984 yillarda, Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi liftlar esa 1989 yillarda o‘rnatilgan. Mutaxassislar bergan ma’lumotga ko‘ra, ko‘p qavatli turar-joy binolarida ma’nan eskirgan va xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan lift moslamalarini yangilariga almashtirish uchun 36 milliard 110 million so‘m mablag‘ talab etiladi.

Yashirib nima qildik, Samarqand viloyatida yaroqsiz holga kelgan liftlar ko‘pligi, avvalo, saylovchilar – shahar aholisi, qolaversa, shahrimizga kelayotgan sayyohlar, mehmonlarning ham haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu muammoni Samarqand shahar yoki viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan hal etib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, ko‘hna Samarqanddagi ko‘p qavatli uylarning yaroqsiz liftlarini almashtirishda respublika byudjetidan mablag‘ ajratilishi zarur, deb hisoblayman.

Yuqorida bayon etilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, ushbu sohaga mas’ul, mutasaddi idoralar orqali Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarning ma’nan eskirgan va xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan lift moslamalarini yangisiga almashtirish uchun 2020 yilda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi bo‘yicha Moliya vaziriga Senator so‘rovi yubordim.

 Rustam XOLMURODOV,

8-Turon saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a’zosi.