Xatarli kasalliklarning oldini olish sog‘lom turmush tarziga bog‘liq
Samarqand shahrida viloyatda OIV infeksiyasi, sil va bezgak kasalliklarining tarqalishiga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashkilotlararo ekspert kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda bu kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirish, uning tarqalishiga qarshi olib borilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr yuritildi.
– Respublikamizning har bir hududida ushbu kasalliklarning o‘z vaqtida oldini olish uchun barcha sharoitlar bor, – deydi Tashkilotlararo ekspert kengashining loyihalash bo‘yicha koordinatori Dilnoza Avazova. – Ammo bu ishlarning samarali tashkil etilishi, eng avvalo, odamlarning ongiga bog‘liq. Aholi bu kasallikning kelib chiqishi, uning og‘ir oqibatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lsagina, uning kamayishiga erishish samarali kechadi. Bunda sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish uning oldini olish bilan teng.
Tadbir davomida chet mamlakatlarda bo‘lib qaytgan fuqarolar, xomiladorlar, nikohlanuvchilar o‘rtasida uchrayotgan ushbu xastalikning oldini olishdagi kamchiliklar muhokama qilinib, vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
B.XONKELDIYEV.