Xatni kechiktirib yetkazgan pochtachiga jiddiy chora ko‘rildi

Telegram kanalimizda bugun “Samarqand pochta aloqa bog‘lamasidagi o‘zibo‘larchilik tadbirkorning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajat qilishiga sabab bo‘ldi” nomli tanqidiy maqola e’lon qilingandi. Maqolada ko‘tarilgan holatlar yuzasidan Samarqand shahar pochta bog‘lamasi boshlig‘i L.Sayfiyev imzosi bilan xat oldik.

“Haqiqatan ham Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 49-uyda joylashgan   mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Щyolkovo Agroxim-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi manziliga gibrid tizimi orqali OSM 4000000006683238 raqamli 169-sonli xat kelib tushgan,  pochta xodimlari tomonidan 2021 yil 17 may kuni kompyuter bazasidan chiqarib ishlov berilgan. Dasturda 21 may kuni topshirilganligi to‘g‘risida ma’lumot kiritgan, o‘rganish jarayonida saralash bo‘limi pochtaloni O‘tkir Haydarov ushbu xatni  2021 yil 24 may kuni ko‘rsatilgan manzilga yetkazib bergan.

Ushbu holat bo‘yicha o‘rganish natijasida xatlarni gibrid tizimi orqali chop etish, ishlov berish va tizimga kiritish bo‘yicha mas’ul xodim – 1-toifali aloqa operatori Aziza Aripovaga login-parol berilgan bo‘lib (A.Aripova bola parvarishlash ta’tiliga chiqqanligi sababli), uning o‘rniga vaqtincha Zafar Usmonov ishlagan. Manzilga xatni vaqtida yetkazilishida mas’uliyatsizlik qilgani bois ushbu xodimga tegishli tartibda intizomiy chora ko‘rilgan, saralash bo‘limi pochtaloni O‘tkir Haydarov bilan filialning 2021 yil 1 iyuldagi 264-k sonli buyrug‘iga asosan mehnat sharnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, “Щyolkovo Agroxim-O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi direktori A.Mirzayev 2021 yil 19 iyulda 169-sonli xat bilan Samarqand pochta aloqa bog‘lamasiga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat xatini tegishli tartibda o‘rganib chiqib, ijrosi bo‘yicha ma’lumot berish bog‘lamaning 1-toifali aloqa operatori Nasiba Qurbonovaga yo‘naltirilgan. N.Qurbonova ushbu xatga javobni kechiktirgan holda, ya’ni 2021 yil 31 avgust kuni jo‘natgan.

Ushbu xatning ijrosini o‘rganib, vaqtida javob xati bermaganligi uchun N.Qurbonova bilan filialning 2021 yil 16 sentyabrdagi 436-k buyrug‘iga asosan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Mazkur holatlar qayta takrorlanmasligi yuzasidan tegishli tartib ishlab chiqildi va nazoratga olindi”, deyiladi javob xatida.