Xitoy kompaniyasi Narpayda tibbiy jihozlar ishlab chiqaradi
Ayni paytda hokimliklar mas’ullari va tadbirkorlardan iborat Samarqand viloyati delegatsiyasi o‘zaro tajriba almashish hamda hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalarni kelishib olish maqsadida Xitoyning Shandun provinsiyasida bo‘lib turibdi.
Shandun provinsiyasi Xitoyning yirik ishlab chiqarish, savdo va sanoat rivojlangan mintaqalaridan biri hisoblanadi. Provinsiyaning yillik yalpi hududiy mahsuloti hajmi 1 trillion 300 milliard AQSh dollarini tashkil etadi va Xitoy mintaqalari orasida uchinchi o‘rinda turadi.
Shu yilning sentyabr oyida Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda mehmon bo‘lib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha viloyat hokimi va boshqa mas’ullar bilan uchrashgan, tadbirkorlar bilan muloqot qilgandi. Mazkur tadbirlar chog‘ida Paxtachi va Narpay tumanlarini Shandun tajribasi asosida rivojlantirish, bu yerda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish belgilangan edi.
Ushbu kelishuvlarni hayotga tatbiq etish maqsadida Narpay va Paxtachi tumanlari hokimlari Shandundagi yirik kompaniyalar rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Narpay tumani hokimi Sh.Rahmonov dunyodagi 500 yirik korxona ro‘yxatida turuvchi, tungi yoritkichlar, quyosh panellari va LED displeylar hamda reklama qurilmalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya - Tianjin Sulture Media So. , Ltd. rahbari Zechun Li bilan qiymati 5 million dollarlik yangi investitsion kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, mazkur kompaniya Narpay tumanidagi sanoat hududida tibbiy jihozlar, yengil konstruksiyali uy-joy maketlari ishlab chiqarish va o‘rnatish hamda qadoqlovchi sex faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Tumandagi salohiyatli eksportyor korxona "HIRMON sity" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa @Qingdao Shanghe International Trade Group so., Ltd@ kompaniyasi bilan umumiy qiymati 3 million AQSh dollari bo‘lgan dukkakli mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzdi.