Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Eyfel minorasi yopildi, Netanyahu Isroilning hududlarni nazorat qilish talablari haqida gapirdi

🔹 Rossiya qo‘shinlari Ukraina janubida o‘z kuchlarini to‘play boshladi. Qayd etilishicha, u yerda 50 ming kishilik armiya jamlangan.  

🔹 Rossiyada mahkum ayollar urushga jalb qilinadi. Bu haqda jurnalistlarga axloq tuzatish koloniyalaridan birining sobiq mahbuslari ma’lum qilgan. Mahalliy nashr koloniyadan frontga ketishga rozi bo‘lgan ikki ayolning ism-sharifini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.  

🔹 Navalniyning o‘limi tufayli Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya elchilarini chaqirishmoqda. Xususan, Ispaniya, Shvetsiya, Finlandiya, Estoniya, Latviya, Litva va Germaniya rasmiylari Rossiya elchilariga o‘z noroziligini bildirib, siyosatchining jasadini oilasiga topshirishni talab qildi.

🔹 Britaniyada boshqarilmaydigan sun’iy yo‘ldoshning Yerga tushishi mumkinligini e’lon qilishdi. 1995 yilda uchirilgan va nazoratdan tashqarida bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshi 21 fevral kuni Yer atmosferasiga kiradi. Qurilmaning qayerga va qachon Yerga tushishi noaniq.

🔹 Janubiy Koreya AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning mart oyida Seulga uchinchi Demokratiya sammitiga kelishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar Blinken kelsa, AQSh prezidenti Jo Bayden katta ehtimol bilan onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.

🔹 Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat Falastin-Isroil mojarosi oqibati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, G‘arbiy sohil va G‘azo sektori ustidan kuchli nazoratni saqlab qolishini aytdi. "Har qanday holatda, doimiy boshqarish bo‘lgan yoki bo‘lmagan holda Isroil Iordaniya g‘arbidagi barcha hududda to‘liq xavfsizlik nazoratini saqlab qoladi", dedi u.

🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga "Aurus" avtomobili sovg‘a qildi.

🔹 Janubiy Koreya 24 fevraldan boshlab Rossiya va Belarusga eksport ustidan nazoratni kuchaytiradi.

🔹 Parijdagi Eyfel minorasi sayyohlar uchun yopiq. Undagi asosiy attraksion xodimlari ish tashlashgan. Ular minorani saqlash uchun ajratilgan mablag‘ni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Ish tashlash yil oxirigacha davom etishi mumkin. Bu Eyfel minorasi Olimpiya o‘yinlari vaqtida yopilishini anglatadi.