Xorij voqealari qisqa xabarlarda: HAMAS yetakchisining o‘limi uchun qasos olish va’da qilinmoqda

🔹 Eron yetakchisi Ali Xomanaiyning aytishicha, Isroil HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi uchun javob berishi kerak. “Islomiy respublika hududida shahid bo‘lganlarning qoni uchun qasos olishni o‘z burchimiz deb bilamiz”, deb ta’kidladi Xomanaiy. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bu fitna Falastin kurashi va G‘azo qarshiliklarini sindirishga qaratilgan faoliyat ekanligini ta’kidlagan. Bugun, 31 iyul kuni erta tongda Isroil mudofaa kuchlari Eron poytaxtiga hujum uyushtirgan. O‘sha paytda Ismoil Haniya Tehronga mamlakatning yangi prezidenti Masud Pezeshkianning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun kelgan. Isroil Haniyaning yo‘q qilinishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

🔹 Falastin prezidenti Mahmud Abbos HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilishini qoralab, qonli voqea mintaqadagi vaziyatni yanada chigallashtirishini aytdi va Falastin xalqini Isroilga qarshi birlashishga chaqirdi.

🔹 Bayrutda Hizbulloh qurolli kuchlarining yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Fuad Shokrga uyushtirilgan hujum va Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘limidan so‘ng Isroil butun dunyo bo‘ylab barcha diplomatik vakolatxonalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

🔹 Prezident Vladimir Putin 1 avgustdan 2024 yil oxirigacha Ukrainadagi urushda xizmat qilish uchun shartnoma tuzadigan harbiy xizmatchilarga 400 ming rubl miqdorida federal to‘lov (ayni paytda to‘lov hajmi 195 ming rubl) to‘lash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

🔹 Sudan suveren kengashi rahbari Abdel Fattoh al-Burxon mamlakat sharqidagi harbiy bazaga tashrif buyurganida suiqasddan omon qoldi. U harbiy talabalarga diplom topshirish marosimida dron hujumidan qutulib qolgani aytilmoqda.

🔹 AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris prezidentlik saylovlari natijalari an’anaviy tarzda aniqlanadigan yettita muhim shtatda Donald Trampning yetakchiligini ortda qoldirdi.

🔹 Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning kichik qizi Kim Ju E hukumatni boshqarishni o‘rganmoqda. Uning ommaviy chiqishlarining taxminan 60 foizi otasi bilan harbiy va iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq. Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalarida u "xyangdo" deb ataladi, bu "inqilobiy kurashda olg‘a yo‘lni yorituvchi" degan ma’noni anglatadi va rahbar yoki ularning vorislariga nisbatan qo‘llaniladi.

🔹 Buyuk Britaniyaning Sautport shahrida bolalar klubiga pichoq bilan hujum qilinganidan so‘ng tartibsizliklar boshlandi.