Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Neft narxi tushmoqda. Gruziyada siyosiy tanglik. Turkiyada farrosh yigit hisob raqamiga tasodifan tushgan yetti million dollarni bankka qaytardi
🔹 Isroilning Eron hududiga cheklangan zarbalari neft narxining tushishiga olib keldi. Brent nefti bir barreli uchun 72,92 dollarga tushib, 3,13 dollarga (4,1%), WTI esa 68,63 dollarga tushib, 3,15 dollarga yoki 4,4 foizga tushgan.
🔹 Iroq Isroilning Eronga hujum qilish uchun havo hududidan foydalangani yuzasidan BMTga shikoyat qildi. Mamlakat hukumati BMT Bosh kotibi Xavfsizlik Kengashiga Isroilning Iroq havo hududi va suverenitetini ochiqdan-ochiq buzishi, shuningdek, Iroq havo hududidan Eronga hujum qilish uchun foydalanishini qoralagan holda rasman shikoyat yuborgan.
🔹 Armaniston 2025 yilda mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirib, bu sohaga 664,7 milliard dram ajratmoqchi, ya’ni barcha kapital xarajatlarning 55,8 foizi mudofaaga yo‘naltiriladi. Bu 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Hindiston Armaniston bilan raketa tizimlari va boshqa ilg‘or uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha ko‘p millionli shartnomalar tuzib, yirik yetkazib beruvchilardan biriga aylandi.
🔹 Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalarini tan olmadi. Uning ta’kidlashicha, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi ovoz berish natijalarini soxtalashtirgan. Prezident muxolifatni namoyishga chiqishga chaqirdi. Mamlakatda 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng siyosiy taranglik kuchaydi, unda muxolifat tanqidiga qaramay, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi eng ko‘p ovoz olgan.
🔹 Eron, Isroilning mamlakatga hujumidan so‘ng, harbiy doktrinani o‘zgartirmoqchi va yadroviy qurol ishlab chiqmoqchi emas. 26 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil Eronga zarba berdi. Isroil harbiy nishonlarni ko‘zlagan. Tehron ikki askari halok bo‘lgani haqida aytgan. Zarbaning ertasi kuni Eron G‘arb davlatlari bilan muloqotga tayyorligini bildirdi. Ekspertlar fikricha, G‘arbga qaratilgan bu xabar Eronning tashqi siyosiy mojarolarni teng muloqot va shart qo‘yishdan bosh tortish yo‘li bilan hal qilish istagini aks ettiradi, deyiladi "Financial Times"da.
🔹 Ilon Mask agar Tramp g‘alaba qozonsa, AQSh byudjeti xarajatlarini 2 trillion dollarga qisqartirishga va’da berdi. AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabrga belgilangan.
🔹 Ispaniyaning Xayme I universiteti olimlari olib borgan tadqiqotga ko‘ra, Yevropa uylarida keng tarqalgan gaz plitalari har yili 40 mingga yaqin o‘limga olib keladi. Ulardan azot dioksidi ajralib chiqishi mumkin, bu nafas olish kasalliklarini rivojlantiradi va erta o‘lim xavfini oshiradi.
🔹 Tejamkorlik doirasida Volkswagen Germaniyadagi kamida 3 ta zavodni yopmoqchi va shu orqali o‘n minglab ish o‘rinlarini qisqartirmoqchi.
🔹 Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha muzokaralar qayta boshlandi. Bugungi uchrashuvda AQSh, Isroil va Qatardan yuqori martabali muzokarachilar ishtirok etmoqda. Bu orada Isroilning navbatdagi havo hujumi oqibatida kamida 11 falastinlik halok bo‘lgan. Maktab o‘qqa tutilgan. Al-Jazira telekanaliga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida uch nafar jurnalist ham bor.
🔹 Turkiyaning Izmir shahrida yashovchi odam noma’lum shaxslardan o‘z hisob raqamiga qo‘yilgan yetti million dollarga yaqin pulni bankka qaytarib berdi. Farrosh yigit O‘zkan kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun mobil bank ilovasiga kirganida hisobida 23 million liradan (6,7 million dollar) ko‘proq pul ko‘rib, hayratda qoldi. "Osmondan tushgan" pulni bankka qaytardi. Bu pul unga qayerdan tushganini so‘raganda bank xodimlari javob berishmadi.