Xorijda odamlarga qanday munosabatda bo‘lishadi, bizda-chi? Insonga e’tibor yilida balandparvoz gaplar kerak emas

Malayziyaga sayohatga borgan yurtdoshlarimiz o‘sha yurt odamlarining asabiylashmasligini aytganida lol qoldim. Amerikada tuqqan o‘zbek ayoliga tug‘ruqxonada bepul halol taomlar berishgani, tug‘ruqxona ma’muriyati chaqaloqning qulog‘iga azon aytishi uchun imom chaqirishgani haqida o‘qiganimda hayajonga tushdim.
Yaponiyaning chekka hududida istiqomat qiladigan birgina o‘quvchi qiz uchun poyezd qatnovi to‘xtatilmaganini o‘qib, nahotki xorijda inson qadri shunchalar baland bo‘lsa, dedim.
Mamlakatimizda 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlanishi ortida ham aslida inson qadr-qimmatini hurmat qilish har bir boshqaruv organining burchi ekani, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmasligi, har bir murojaat ortida inson borligi mujassam.
Bu yilgi qish faslining anomal kelishi ortidan elektr tarmoqlari va hududiy gaz korxonalariga murojaatlar ortib ketdi. Hatto shahar joylarida ham uyini isitolmagan aholi sovuqda juda qiynaldi.
Insonga e’tibor yilida, avvalo, aholining kundalik hayotidagi ehtiyojlari to‘la-to‘kis bajarilishi, yashash sharoiti yaxshilanishi lozim. Malayziyaliklarning asabiylashmasligining sababi, ularda muammo yo‘q ekan. Tabiiyki, muammosi yo‘q inson asabiylashmaydi. Bizda esa ko‘chaga chiqishdan muammoga duch kelasiz. Masalan, anomal sovuq ortidan shahar ko‘chalarida avtobuslar kamaydi. Aslida ko‘payishi kerak emasmidi? Shuningdek, avtomashinalarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz, benzin soatli berila boshlandi. Natijada taksilar yo‘l haqini ikki baravar oshirib yubordi.
Bir tomondan avtobus yo‘q, ikkinchi tomondan taksilar qimmatligi aholiga og‘irlik qildi.
Xorijda ishlab yoki o‘qib kelayotgan yoshlar yurtimizda yashashni istamayotgani, yana chet elga qaytib ketayotgani ortida ham bizdagi shart-sharoitning yaxshi emasligi sabab bo‘lmoqda. Masalan, qishloq joylarda ko‘pchilik yoshlar Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Ularning ba’zilari o‘n-o‘n besh yildan buyon o‘sha yurtda yashayapti. Qishloqda dang‘illama hovli-joyi, avtomashinasi, yashash uchun yetarli shart-sharoiti bo‘lsa-da, elektr, gaz muammosi sabab uyiga qaytishni istamayapti. Buning ustiga qishloqda ish yo‘qligi ham yoshlarning xorijga chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugun hukumatimiz oldida turgan ulkan muammolardan biri – ishsizlikka qarshi kurashish. To‘g‘ri, bu borada ma’lum ishlar qilinyapti. Masalan, birinchi ekindan bo‘shagan yerlar ishsiz aholi qatlamiga foydalanish uchun berilyapti, ba’zilar kasbga o‘qitilyapti, ayrimlarga subsidiya asosida ish qurollari olib berilyapti va hokazo. Ammo, bu harakatlar ham ishsizlikni kamaytira olgani yo‘q.
Insonga e’tibor imtiyoz emas, aslida mas’uliyatdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev odamlarni rozi qilish haqida ko‘p gapiradi. Odamlarni rozi qilish uchun har bir soha vakili vijdonan mehnat qilishi, qo‘lidagi bor imkoniyatini ishga solib, aholining turmushi farovon bo‘lishiga hissa qo‘shishi lozim. Har kim o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashsa, odamlarning og‘irini yengil qilishga harakat qilsa, muammolar o‘z-o‘zidan yechim topadi.
Aslida insonga e’tibor har kuni bajarilishi kerak bo‘lgan mas’uliyatdir. Masalan, xorijiy mamlakatlarda shifokorga murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, avval qabuliga yozilasiz. Huquqshunos maslahati kerak bo‘lsa, qabuliga yozilib, kelishilgan vaqtda borishingiz kerak. Boshqa tashkilotlarga ham rahbarning qabul kunida berishingiz talab etiladi. Bunda siz vaqt yo‘qotmaysiz, ham boradigan manzilingizda sizni kutishadi. Xo‘sh, bizda-chi?
Yaqinda bir tanishim aytib qoldi: “Samarqanddagi (nomini keltirmadik) oliy ta’lim muassasasi rektoriga yaqinlashib bo‘lmas ekan. Bir necha bor uchrashmoqchi bo‘ldim, ammo atrofidagilar yo‘latishmadi”. Savol tug‘iladi, rektor fuqarolarni qabul qilmaydimi? Masalan, rektorga murojaat qilmoqchi bo‘lgan talabaning ota-onasi nima qiladi? Yoki boshqa masalada kelganlar dardini aytolmasdan ketadimi? Balki rektorlar ham sayyor qabul o‘tkazishi kerakdir?
Insonga e’tibor yilida balandparvoz gaplar emas, oddiy insonga e’tiborni ko‘rsatib berishimiz kerak. Masalan, xorijda mehmonxonada menejer bo‘lib ishlaydigan dugonam aytib qoldi: “Biz har bir kelgan mehmonni qachon uyqudan turishi, nonushtaga nima iste’mol qilishi, sevimli mashg‘uloti, qanday xonada turishni istashi kabi ma’lumotlarni o‘zimiz uchun yig‘amiz. O‘sha mehmon o‘n yildan keyin mehmonxonamizga kelsa ham u haqdagi ma’lumotlar orqali sifatli xizmat ko‘rsatishga harakat qilamiz”. Kechirasiz, bizning qaysi mehmonxonamizda shunday xizmat bor? To‘g‘ri, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p sa’y-harakatlar qilinyapti, ammo hali bu darajada xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagan. Bizda, hatto jahon standartiga javob beradigan mehmonxona xizmatchilari yo‘q ekan. Yaqinda eshitib qoldim, ba’zi to‘rt, besh yulduzli yangi mehmonxonalarimizga chet eldan ishchi olib kelishayotganmish.
Yana bir gap. Bilasiz, bizda Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketadigan yoshlar talaygina. Janubiy Koreya davlatiga ishga ketadiganlar to‘ldiradigan anketada “Namoz o‘qiysizmi?” degan joyi bor ekan. Agar ishchi “ha” degan javobni belgilasa, unga ish jarayonida besh mahal ibodati uchun ruxsat berilar ekan. Mana buni insonga e’tibor desa bo‘ladi. Savol tug‘iladi, bizda ishga kiruvchilar to‘ldiradigan anketada “Namoz o‘qiysizmi?” degan punkt bormi?
Mulohaza o‘zingizdan, azizlar.
Xurshida Ernazarova.