Xotin-qizlar muammolari kasaba uyushmalari e’tiborida

O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan 19 mart kuni Moliya vazirligi huzurida 10 trillion so‘m byudjetga ega Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Vazirlik hisobotiga ko‘ra, ushbu jamg‘armadan 30 milliard so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kasaba uyushmalari federatsiyasiga ham ajratilgan. Samarqand viloyatiga bu mablag‘ning ma’lum qismi ajratilgan bo‘lib, uni manzilli yetkazish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Suhrob RAFIQOV bilan shu xususda suhbatlashdik.

- Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi 2020 yil 24-27 fevral kunlari Past Darg‘om tumanida, shuningdek, 4-7 mart kunlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat olib bordi, - deydi Suhrob Rafiqov. - Ishchi guruh a’zolari uyma-uy yurib, 1096 mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 5305 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va notinch oilalar ahvolini o‘rgandi. O‘rganish jarayonida 6478 ta muammo aniqlandi,

ulardan 39 foizi uy-joy bilan ta’minlash va mavjud uy-joyini ta’mirlash, 4,5 foizi salomatligini tiklash, 37 foizi turli maqsadlarda moddiy yordamga muhtojligi,

8 foizi ish bilan ta’minlash va boshqa masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

- O‘rganilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlar boshlandimi?

- Viloyatimiz bo‘yicha 100 nafar xotin-qiz tikuv mashinalari bilan ta’minlanib, kasanachilik asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Kam ta’minlangan ehtiyojmand xotin-qizlarga maishiy texnika jihozlari olib berildi. Viloyat bo‘yicha 198 nafar xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari, 129 nafariga dori-darmon ajratish, 31 nafarining davolanishi uchun moddiy yordam, 8 nafarini kommunal to‘lovlarini to‘lab berish, 17 nafariga moddiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Kam ta’minlangan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha 3 nafariga issiqxona qurib berish, 7 nafarini chorva mollari bilan ta’minlash, 1 nafariga sartaroshlik yo‘nalishida ko‘maklashish, 2 nafariga pazandachilik uchun maishiy texnika olib berish, xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida 22 nafariga kir yuvish mashinasi, 41 nafariga gaz plita, 30 nafariga gaz ballon, 4 nafariga televizor, 4 nafariga muzlatkich olib berish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari tibbiy xizmat va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha berilgan ro‘yxatlar asosida 136 nafar xotin-qizga plastik kartochka ochilib, 314,3 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

- Ushbu loyiha doirasida xotin-qizlar uchun ish o‘rni yaratgan korxonalarga ham imtiyozlar berilishi rostmi?

- Xotin-qizlar uchun doimiy ish o‘rni yaratishda biznes reja tayyorlanadi va ishchi guruhga taqdim etiladi. Ishchi guruh tomonidan eng maqbul deb topilgan loyiha egasiga biznes reja bo‘yicha belgilangan tartibda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan mablag‘ ajratiladi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida korxona, tashkilotlarga mablag‘ yo‘naltirishda, ushbu korxona, tashkilotlarning ustav fondiga kasaba uyushmasi tashkiloti kiritiladi. Bunda, korxona ustav fondiga kasaba uyushmasi tashkilotining ulushi ular tomonidan ajratilgan mablag‘larning foiz ifodasidagi qismidan kam bo‘lmasligi ta’minlanadi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar uchun yangi tashkil etiladigan korxona, tashkilotlarning yoki mablag‘ o‘tkaziladigan tadbirkorlik sub’yektlarining mavjud ko‘chmas mulklari shartnoma asosida garovga qo‘yiladi (garovga qo‘yilgan mulkning bozor qiymati baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda baholanishi va tuzilgan hisobot tegishli tashkilotlarda ekspertizadan o‘tkazilishi hamda ekspertizadan o‘tkazilgan hisobot bo‘yicha mulkning qiymati ajratilgan mablag‘larning kamida 1,5 baravarini tashkil qilishi shart). Ushbu mulklar tadbirkorlarning mablag‘i hisobidan baholatiladi, baholash hisoboti ekspertizadan o‘tkaziladi, sug‘urta qildiriladi.

- Xotin-qizlar manfaatlarini himoya qiluvchi boshqa tuzilmalar ham borligini yaxshi bilamiz. Ammo kasaba uyushmasida ular uchun ishonch telefonlari tashkil etilgani sababi nimada?

- Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mutasaddiligida tuzilgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining 1211 qisqa raqamli «Ishonch telefoni» tashkil etilgan. O‘z nomidan ma’lumki, bu ishonch telefoni asosan xotin-qizlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga qaratilgan.

«Ishonch telefoni» ishga tushganiga ikki oy bo‘ldi. O‘tgan davrda birgina Samarqand viloyatidan 1150 ta murojaat yozib olingan.

Murojaatlarni belgilangan fursatlarda ijroga yo‘naltirish bo‘yicha viloyat hokimligida shtab tashkil etilgan. Xotin-qizlar kundalik turmushda duch kelayotgan muammolar daxldor tashkilotlar jalb etilgan holda hal etilmoqda. Murojaatlar orasida bir muncha vaqt talab etadiganlari ham bor. Bunday holatlar qat’iy nazoratga olinmoqda. Huquqiy yordamga muhtoj fuqarolarga esa mutaxassislar amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, Urgut tumani Jayratepa mahallasida yashovchi Munavvara Raupova «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilib, loysuvoq tomi ustidan chakki o‘tayotganini aytib, uyni shiferlashda yordam so‘ragan. Murojaatchi xonadoni o‘rganilib, uy tomiga yetadigan barcha qurilish ashyolari, 2 ta eshik hamda 2 ta deraza romi yetkazib berildi.

Past Darg‘om tumanining Buyuk Turon mahallasida yashovchi Anora Ro‘zimurodova ham qiynalganlardan biri. Ikki nafar farzandni yolg‘iz tarbiya qilayotgan bu ayol ta’mirga muhtoj, sharoiti og‘ir ikki xonali uyda istiqomat qilayotganini bildirdi. Masala o‘rganilib, Anoraning uyini ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joylarda murojaatlarga bildirilayotgan munosabatlarda turli tafovutlar bor. Ba’zi rahbarlar aholi tashvishlariga sherik bo‘lmoqda. Ammo ba’zi hududlarda loqaydlik ham ko‘zga tashlanib qolmoqda.

Har bir murojaat ortida bir inson dardi bor. Qolaversa, o‘zbek ayoli uncha-munchaga dardini doston qilavermaydi ham. Shu sabab bu masalaga e’tiborsiz qarashga hech kimning haqqi yo‘q.

G.MO‘MINOVA suhbatlashdi.