XTV maktabdan jasadi topilgan yigit haqidagi xabarga munosabat bildirdi
Xalq ta’lim vazirligi Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi maktabning orqa tomonidan osilgan holda topilgan 25 yoshli yigitning jasadi haqidagi xabar yuzasida rasmiy ma’lumot berdi.
“Hozirgi zamon jamiyatida ommaviy axborot vositalari insonlarning e’tiqodlari va xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, ularning o‘zaro munosabatlariga ta’sir ko‘rsatadi. OAVda suitsidlar haqidagi xabarlar suitsidal xavfi bor yosh yoki ijtimoiy jihatdan o‘xshash guruhlarda taqlidiy o‘z joniga qasd qilishlarni chaqirishi mumkin. Bu holat “Yuqish effekti” yoki “Verter sindromi” deb ataladi.
OAV mutaxassislari uchun mo‘ljallangan “O‘z joniga qasd qilish prevensiyasi” nomli qo‘llanmada “Zaif insonni o‘z joniga qasd qilishiga turtki bo‘luvchi juda ko‘p omillar qatorida suitsid holatlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi bo‘lishi mumkin”.
Yuqoridagilarni inobatga olib, o‘z joniga qasd qilish, ayniqsa, voyaga yetmaganlar orasida o‘ziga va o‘zgalarga zarar yetkazish hodisalari to‘g‘risidagi xabarlarni OAVda bayon qilish, shu kabi sahnalarni namoyish etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqib, tasdiqlash va unga rioya qilinishini qat’iy nazorat qilish kerak. 16 noyabr kuni ertalabdan 25 yoshli yigitning o‘z joniga qasd qilish holati yoritilgan xabar aynan maktabga bog‘lab berilgani, aslida esa hodisaning maktabga mutlaqo aloqador emasligi ham mana shuning yaqqol misoli bo‘ldi”, deyiladi vazirlik xabarida.