XTV: “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari uchun turli xil pul yig‘imlari qat’iyan ta’qiqlanadi

Xalq ta’limi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Joriy yilning 25 may kuni barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbirni tashkil etish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yubordi. Tadbirlar maktab hovlisi bog‘ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o‘tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.

Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil  etiladi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.

Shu o‘rinda barchaga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlari qat’iyan ta’qiqlanganligini eslatib o‘tamiz.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadon, restoran yoki qahvaxona va shu kabi joylarda banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida e’tibor qaratish so‘raladi.

Xabarda aytilishicha, maktablarning “Kuzatuv kengashi” a’zolariga yuqorida keltirib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib boradi.