XX asrning 100 kungacha "umr ko‘rgan" davlatlari
Insoniyat tarixida o‘zlarini mustaqil deb e’lon qilgan, biroq uzoq "yashamagan" davlatlar ko‘p bo‘lgan. Ozodlikka erishgan yurt aholisi kuchsizligidan har doim quvg‘inga va o‘limga mahkum etilgan.
1905 yilgi rus revolyusiyasidan so‘ng Rossiyaning Moskva guberniyasida tashkil etilgan Markov dehqonlar respublikasi 243 kun "umr ko‘rgan". 1918 yilda Buyuk polyaklar qo‘zg‘olonidan keyin nemis qishlog‘i ruhoniysi tomonidan tashkil etilib, 218 kun "yashagan" Shventen ozod davlatini ham kiritsak bo‘lardi. Ular qatorida 1918 yilda nemis shahzodasi Vilgelm fon Urax asos solgan, 259 kun faoliyat yuritgan Litva qirolligi ham bor.
Shuningdek, I jahon urushidan so‘ng tarqalib ketgan Avstro-Vengriya davlati o‘rnida Slovakiya sovet respublikasi, Tarnobjeg, Banat, Komancha, Prekmure hamda Baranya-Bayya kabi kichik mamlakatchalar ham tashkil etilgan edi. Ammo ko‘p o‘tmasdan qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday izsiz g‘oyib bo‘lgan.
Biroq quyida ulardan ham kamroq, ya’ni bor-yo‘g‘i 100 kun davr surgan davlatlar haqida hikoya qilmoqchimiz.
Tog‘li Armaniston respublikasi - 78 kun
1920 yildagi kelishuvga asosan Armaniston va Ozarbayjon Respublikalari o‘rtasidagi bahsli hududlar - Qorabog‘, Zangezur, Naxichevan tumanlari Qizil Armiya nazoratiga o‘tadi. Ammo barcha armanlar ham sovetlarga ishonmas edi. Zangezurlik harbiy sarkarda Garegin Njde qizillarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, partizanlar harakatini tashkil etdi. Uning har bir harakati g‘alaba bilan yakunlanardi. U nafaqat Zangezur, balki Qorabog‘ning yarmida o‘z hukmronligini o‘rnatib, Tog‘li Armaniston respublikasini tashkil etdi. Ammo 78 kundan so‘ng Qizil Armiya qo‘shinlari uning to‘dalarini tor-mor etib, qo‘zg‘olonni bostirdi. G.Njde esa Eronga qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi.
Qrim xalq respublikasi - 34 kun
1917 yildagi fevral inqilobidan so‘ng qrim-tatarlar faolligi kuchayib, Qrim yarim orolida mustaqil musulmon davlati tuzishga ahd qilindi. Bog‘chasaroyda bo‘lib o‘tgan qurultoyda Qrimni parlament boshqaruvidagi xalq respublikasi deb atashdi. Prezident qilib Noman Chelebidjixan saylandi.
Qizig‘i, mazkur islom respublikasida davlatni cherkovdan ajratish, ayollarga esa saylash va saylanish huquqini berish kabi qarorlar qabul qilingan edi. Ammo ko‘p o‘tmay na rasmiy tan olingan hukumat, na kuchli qo‘shinga ega bo‘lgan respublika bolsheviklar tomonidan bostirilgan.
Bavar sovet respublikasi – 27 kun
1919 yilda Germaniya qiroli Lyudvig III Vittelsbax taxtdan ag‘darilgach, hukmronlikni qo‘lga olgan kommunistlar Bavariya shahrida Yevgeniy Levin boshchiligida sovet respublikasini tashkil etishdi. Hukumat banklarni qo‘lga oldi, korxona va tashkilotlarda ishchilar nazorati tashkil etildi. Favqulodda komissiya va Qizil armiya tashkil etildi. Shu yilning 29 aprelida Bavariyaga Germaniya qo‘shinlari kirib kelib Myunxen shahrini qonga buladi. Uch kun ichida mingga yaqin «qizil»lar otib tashlandi.
24 soatdan kamroq yashagan Karpat Ukrainasi 1920 yilda Chexoslovakiyaga avtonom bo‘lib qo‘shildi. 1938 yilgi Myunxen bitimi Gitlerning qo‘lini bog‘lab turardi. Shu sabab natsistlar Sudetiga bostirib kirgach, Chexoslovakiya respublikasi tugatildi. Karpat Ukrainasi esa 1939 yil 15 martda o‘zini mustaqil davlat deb e’lon qildi.
Hukumat Gitlerga xat yo‘llab, yangi tuzilgan davlatni Germaniya tarkibiga qo‘shib olishni iltimos qildi. Ammo Reyx bu shartga rozi bo‘lmadi. Vengerlar esa Karpat Ukrainasiga Vengriya tarkibiga kirmasa urush e’lon qilishlarini aytdi. Biroq yangi davlat rahbariyati madiyarlarning taklifiga rozi bo‘lmasdan, o‘z mustaqilligini 15 ming ko‘ngillilardan iborat qo‘shin bilan himoya qilishga qaror qildi. Ertasi kuni vengerlar qo‘shini poytaxt Xust shahrini, keyinchalik butun boshli Karpat Ukrainasini bosib oldi.
Rossiya Demokratik Federativ respublikasi
Bor-yo‘g‘i bir necha soatgina "yashagan" ushbu respublika 1917 yilda Kornilov qo‘zg‘oloni bostirilgach, Muvaqqat hukumatining 5 vaziri tomonidan e’lon qilindi. Ular konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishdi. Yangi hukumat Rossiyani ikki palatali parlament va prezident boshqarishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi. Ular rasmiy madhiya sifatida fransuz ishchilarining «Marseleza»sini qabul qilishdi.
Bor-yo‘g‘i bir necha soat yashagan Rossiya Demokratik Federativ respublikasini bolsheviklar shu kunning o‘zida tarqatib yuborib, qarorni bekor qildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.