Yangi kitob: Temurbek Jahongir

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida yozuvchi Xayriddin Begmatovning ana shu kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, shoir Xurshid Nurillayev va boshqalar so‘zga chiqib, Xayriddin Begmatov hayot yo‘li, ijodi haqida fikr bildirdi. Adibning Sohibqiron tarixi haqida ko‘plab yangi va asosli ma’lumotlari borligi va bu kitob ham tarixan, ham nson ruhiyatiga ta’sir qilishi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.
- Badiiy ijod jamiyatda o‘zining qahramonlarini yaratadi, - dedi F.Toshev. - Bizning birinchi oqinlarimiz Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘lini ijodlarini jamiyatdagi juda katta inqilobiy harakat deb bilamiz. Chunki, ularning ta’sirida adabiyot shakllangan, an’analar avloddan avlodga o‘tgan. Narpaylik ijodkor Xayriddin Begmatovning ushbu kitobi ham ana shu muhit, ana shu harakatning hosilasi. Muallif maktabda 45 yil ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq berish bilan birga xalqona va baxshiyona she’rlar yozgan, Mashrab haqida doston bitgan.
Tadbirda Xayriddin Begmatov o‘z hayot yo‘li, ijodiy faoliyati, asar yaralish tarixi haqida so‘zlab berdi. Ishtirokchilarga asardan parchalar aytib, o‘zining xalqona ohanglar yo‘g‘rilgan she’rlaridan namunalar o‘qidi.
- Sohibqiron bobomiz haqida to‘rtta roman yozganman, - dedi X.Begmatov. - Birinchi roman “Temurbek Turkiston amiri”, ikkinchisi “Temurbek Jahongir ”, uchinchisi “Temurbek tor dunyo” va keyingisi “Temuriylar”. Ana shulardan ikkitasi nashrdan chiqqan. Yana ikkitasi ”Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida chop etilmoqda.
Baxtiyor Mustanov.