“Yangi O‘zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasining ilk soni nashrdan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bugun “Yangi O‘zbekiston” gazetasining birinchi soni gazetxonlar qo‘liga yetib bordi.

Sakkiz sahifali ushbu nashrning ilk sonida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi jamoasiga tabrigi e’lon qilingan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Ulug‘vor va tarixiy o‘zgarishlarning o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib maydonga chiqayotgan gazeta yurtimizdagi demokratik islohotlar, hududlardagi beqiyos bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarining ahamiyati hamda natijalarini xolis va haqqoniy yoritishga, aholi vakillari va jamoatchilik fikrini shakllantirishga, mavjud muammo va kamchiliklarni tahliliy materiallar orqali dadil ko‘tarib chiqib, axborot makonida munosib o‘rin egallashiga ishonchim komil”.

Nashr “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash, xalqimiz hamda xalqaro jamoatchilik tomonidan “Yangi O‘zbekiston”, deb e’tirof etilayotgan mamlakatimizdagi bunyodkorlik va yangilanishlarning asl mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida xolis xabarlarni tezkor va sifatli yetkazish, yurtimizning global axborot maydonidagi o‘rnini mustahkamlash, nufuzini yuksaltirish maqsadiga xizmat qiladi.

“Yangi O‘zbekiston“ barchamizga muborak bo‘lsin!

O‘zA.