Ayol faqat beka emas, yirik loyihalarni harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda

Mamlakatimiz rahbarining Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida aynan xotin-qizlar masalalari ham alohida tilga olindi.

 Ushbu yuksak minbardagi nutqning avvalidayoq oilalarda yashashni o‘zgartirish, yaxshilash kerakligi haqidagi fikrlar bildirildi. “Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”.

Ijtimoiy-siyosiy, ekologik vaziyatlar bilan bir qatorda mamlakatimiz hayotida xotin-qizlar rolini oshirish, gender siyosati masalasiga ham urg‘u berildi.

“Yana bir muhim yo‘nalish – gender siyosati. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Keng mintaqamiz miqyosida esa Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz”, kabi fikrlar BMT minbaridan turib aytildi.  Aytish kerakki, aynan shu ikki jumla ortida mamlakatimiz hayotida xotin-qizlarga qaratilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning bosqichma-bosqich amalga oshishi kabi murakkab jarayon mavjud.

Bugun o‘zbekistonlik ayollar nafaqat oilaning ma’naviy posboni, balki, innovatsion va ilhomlantiruvchi g‘oyalar, insoniyat uchun xizmat qiladigan yirik loyihalar muallifi, faol tadbirkor, siyosiy jarayonlarni harakatlantiruvchi kuchdir.

Birgina misol, mamlakatimizda  2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi o‘rtacha 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Tadbirkorlik sohasida 45 foiz, siyosiy partiyalar tarkibida 49 foizni tashkil etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining esa 27 foizi, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlarining 32 foizi xotin-qizlardir.

Bu natijalar kuchli siyosiy iroda, xalqchil yondashuv va eng muhimi, xotin-qizlarning imkoniyatiga bildirilgan yuksak ishonch samarasidir.

Huquqiy baza, moliyaviy yordam, kasb-hunar o‘rgatish, subsidiyalar, imtiyozlar – barchasi xotin-qizlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochdi. Bu borada milliy tajriba – O‘zbekiston modeli yaratildi.

Keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha normativ-huquqiy baza takomillashtirilib, 100 ga yaqin hujjatlar qabul qilindi.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan qonun, qaror va dasturlar xotin-qizlarning tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya sohalaridagi ishtiroki uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Biznes vakillariga, tadbirkor xotin-qizlarga kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratildi.

Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Bugun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining 45 foizi, ya’ni 217 mingdan ortig‘iga ayollar rahbarlik qilmoqda. Yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritib kelayotgan biznes sub’yektlarining 96 mingga yaqinini ayollar boshqarmoqda.

Tijorat banklari tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq loyihalar joriy etildi va oilalar iqtisodiyotini barqarorlashtirish va biznesini rivojlantirishga ko‘maklashilmoqda.

Bugungi globallashuv jarayonida ayolning oiladagi o‘rni bilan bir qatorda jamiyatdagi o‘rni ham mustahkamlanib bormoqda. Bu masalada davlatning bosh islohotchi sifatida ish ko‘rayotgani, fuqarolik jamiyati instituti tashabbuslari amaliyotga tatbiq etilayotgani birinchi navbatda xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zebo SAIDOVA, viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i.