​​USTOZGA EHTIROM xaykali haqida bilasizmi?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markazida  “Ustozga ehtirom” haykali bor. Har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan keng omma ushbu yodgorlikka tashrif buyurib, poyiga gullar qo‘yadi. Muallima hurmatiga o‘rnatilgan ushbu esdalik butun O‘zbekistonda yagona bo‘lib, uning yaratilish tarixi bor.

2001 yilda “Bo‘ston”da marhum xonanda Otajon Xudoyshukurovning ijodiga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkaziladi. Unga Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matchon, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Matnazar Abdulhakim, Oshiq Erkin kabi ijodkorlar tashrif buyuradi. Shoirlar ketma-ket go‘zal she’rlari bilan yig‘ilganlarni xushnud qilardi.

She’r o‘qish navbati xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakimga yetib keladi. Shoir minbarga chiqib biroz o‘ylanib turadi-da, birinchi o‘qituvchimga bag‘ishlangan she’rimni aytib bermoqchiman, deydi.

U “Darsdan so‘ng” nomli she’rini o‘qigan paytida zalda yig‘lamagan kishi qolmaydi. She’r ta’siridan hammaning yuraklari larzaga kelgan edi.

She’rning qisqacha mazmuni quydagicha:

Voqea olis qishloqlarning birida yuz bergan. Bitta muallima uzoq qir oshib, maktabga qatnab, bolalarga dars o‘tar edi. Bir kuni u o‘quvchilarga insho yozdiradi. Butun sinfdan 7 nafar o‘quvchi insho yozmay qoladi. Muallima ertaga albatta yozib keling, bugun sizlaraman, deb koyiydi. Qolgan o‘quvchilarning daftarlarini yig‘ib olib uyiga qaytmoqchi bo‘ladi. Qarasa, kun kech bo‘lib qolibdi. Har kuni kelib olib ketadigan turmush o‘rtog‘i esa bugun kelmagan. Hamkasblari “buguncha biznikida qoling, kun kech bo‘lib ketdi” deb qistasa ham u yo‘lga chiqadi. Yo‘lda ketayotib turli o‘ylar keladi: nimaga eri kelmadi ekan-a? Ko‘ngli sovudimi ekan, deb vahimaga tushadi. Yoki o‘g‘lim xastalanib qoldimikan? Undan battar yuragini vahima bosadi.

Nima bo‘lsa ham uyga tezroq yetay deb, o‘nqirmi, cho‘nqirmi, o‘rmi, qirmi, qaramasdan shoshilib ketar edi. Bir payt ortidan bir qora sharpa ergashib kelayotganday tuyuladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, iziga och qashqir tushgan ekan. Esiga qashqirning olovdan qo‘rqishi keladi va qo‘ltiqlab kelayotgan daftarlarni yoqa boshlaydi. Daftarni yoqqanda qashqir ham to‘xtaydi. O‘zi ham yuragini bosib oladi.

Ovulga yetay deb qolganda muallimda daftar tugaydi, qashqirda esa toqat… 

Agar shu kuni 7 nafar o‘qituvchi inshoni yozib topshirganda edi, muallim omon qolarmidi?

Ertasiga muallimning janozasida butun xalq yig‘laydi, hammadan battar yetti nafar o‘quvchi, jumladan ulardan biri she’rdagi qahramon ham o‘ksib yig‘laydi.

 

Tadbirda o‘qilgan ushbu she’rdan o‘sha paytdagi tuman hokimi Ne’matulla Xudaybergenov ham juda ta’sirlanadi va ustozga haykal o‘rnatish g‘oyasini aytdi.

 

Shunday qilib “Ustozga ehtirom” haykali 2003 yil bunyod etildi.