O‘rganish bir hunar, o‘rgatish ikki hunar

Nazokat Xudoyberdiyeva bir necha yillardan buyon mohir ustoz va mehribon murabbiy sifatida ishlab, minglab malakali o‘rta tibbiyot xodimlarini yetishtirib, chinakam hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan ziyolilardan biri sanaladi.

Nazokat opa 1941 yil 2 oktyabrda Kattaqo‘rg‘on shahrida ziyoli, oilada dunyoga keldi. Otasi Xudoyberdi bobo “Feruz” taxallusi bilan she’rlar yozib, shoir sifatida tanilgan. Opa 1948-1958 yillarda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-umumta’lim maktabida tahsil olib, maktabni oltin medal bilan tugallaydi. Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash fakultetida o‘qib, yo‘llanma asosida Kattaqo‘rg‘on tuman markaziy shifoxonasiga ishga yuboriladi. U yerda bemorlar dardiga malham bo‘lish niyatida samarali mehnat qilib, tez orada yaxshi shifokor sifatida el nazariga tushdi.
N.Xudoyberdiyeva 1974 yildan boshlab Kattaqo‘rg‘on tibbiyot bilim yurtida faoliyat yurita boshladi. Shifoxonadagi tajribani dars jarayoniga olib kirib, nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirgani uchun ham ustozning saboqlari shogirdlarga bebaho bilim manbaiga aylandi.

Ta’lim jarayonini boyitish yo‘lida bir nechta uslubiy qo‘llanmalar va darsliklarning hammualifi sifatida o‘z tajribalarini boshqalar bilan baham ko‘rdi. Ustozimiz N.Xudoyberdiyeva ko‘p yillik tajribalari bilan yosh o‘qituvchi shifokorlarga beminnat maslahatlarni ham berib kelmoqda. Texnikumimizning yosh o‘qituvchilaridan Maftuna Fozilova, Sevara Tilavova, Shahlo Islomovaga murabbiylik qilib, tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. Texnikumda ustoz-shogird an’anasi bo‘yicha 28 nafar yosh o‘qituvchiga 28 nafar ustoz biriktirilgan. Nazokat opa shu 28 nafar shogirdga ham o‘z tajribalaridan kelib chiqib, saboq berib kelmoqda.

Nazokat Xudoyberdiyevaning qariyb 60 yillik mehnat faoliyati Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi, viloyat va shahar tibbiyot birlashmasi, texnikumning bir necha bor faxriy yorliqlari bilan e’tirof etilgan.

Ismatillo UMAROV,
xalq ta’limi a’lochisi, texnikum uslubchisi.