Muvaffaqiyatga erishish oson emas

Pedagoglar orasida vazir ustamasini qo‘lga kiritish va uni keyingi yil ham davom ettirish oson ish emas. Toyloq tumani Baxshitepa mahallasidagi 15-IDUMning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilorom Rahmonova ikki yildan beri vazir ustamasiga munosib ko‘rilyapti. Xo‘sh, u bunday muvaffaqiyatga qanday erishyapti?

- Inson kasb tanlashda unga kimdir yoki nimadir turtki bo‘ladi, - deydi D.Rahmonova. – Men ona tili va ada­biyotdan dars beradigan o‘qituvchim Mavjuda Mirzayevaga havas qilardim. U kishi juda mehribon ustoz edi. Yaxshi o‘qiganim uchun fan olimpiadalariga olib borardi. Endi men ustozim­ning ishini davom ettiryapman. Har yili o‘quvchilarim fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritadi. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida 9-sinf o‘quvchisi Marjona Zubaydullayeva asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida ona tili va adabiyot fanidan ikkinchi o‘rinni egalladi. 

Vazir ustamasini olish uchun dastlab yutuqlarga ega o‘qituvchilar maktab bosqichida saralanadi. Saralangan pedagoglar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlaridan o‘tadi. Test sinovlaridan o‘ta olganlar suhbat bosqichiga jalb qilinadi. O‘qituvchi suhbat bosqichidan o‘ta olsa, vazir ustamasiga ega bo‘ladi.

- Bu yil ham imtihonlardan yaxshi o‘tdim va vazir ustamasini qo‘lga kiritdim, - deydi o‘qituvchi. – Vazir ustamasi may oyidan boshlab, to‘qqiz oy davomida to‘lanadi, ya’ni 6 million 300 ming so‘m ustama puli maoshga qo‘shib beriladi. Shuningdek, o‘tgan yili milliy sertifikatga ega bo‘ldim. Bunga ham 50 foiz qo‘shimcha ustama puli to‘lab berilyapti.

Bundan tashqari, joriy yilda D.Rahmonovaning o‘ndan ortiq o‘quvchilari ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

- Maktabda darsdan keyin repeti­torlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganman, - deydi D.Rahmonova. – Tayyorla­gan o‘quvchilarimning 80-90 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiryapti. Qishloq sharoitidan kelib chiqib, qo‘shimcha darslarimga pul olmayman. 

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari davrida o‘quvchilarning asosiy e’tibori telefon, kompyuter, planshetlarda bo‘lib qoldi.  To‘g‘ri, o‘quvchilar elektron kitoblarni ham o‘qishadi, lekin kam kitob o‘qiydi. Men o‘zbek va jahon adabiyotining eng nodir durdonalaridan o‘quvchilarga parcha aytib beraman. O‘quvchilarim qolganini ham ayting, deyishadi. Ularga qolganini kitobdan topishlarini aytaman. Qiziqqanlar albatta kutubxo­nadan kitobni olib o‘qishadi. Bundan tashqari, sinflar o‘rtasida kitobxonlik bo‘yicha musobaqalar tashkil etaman, har chorakda beshta badiiy kitob o‘qigan o‘quvchini rag‘batlantiraman. Harakatlarim besamar ketmayapti, haqiqatda o‘quvchilarim qiziqib kitob o‘qiyapti.

Tinib-tinchimas o‘qituvchining yutuqlari bir talay. U 2022-yilda malaka toifasi bo‘yicha attestatsiya imtihonidan o‘tib, umrbod oliy toifani qo‘lga kiritdi. Albatta, ushbu muvaffaqiyatlarning ortida muallimning mashaq­qatli mehnati bor. Kasbini astoydil sevgani uchun qiyinchiliklarga parvo qilmadi va o‘qituvchilarga berilayotgan imtiyozlardan to‘la-to‘kis foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

X.ERGASHEVA.