Yangi turizm markazini ko‘rish istagidagi sayyohlar ko‘paymoqda
Yaqinda Turkiyada yashaydigan qarindoshim qo‘ng‘iroq qilib, Samarqand shahridagi o‘zgarishlar, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi va uning hududidagi “Boqiy shahar” haqida so‘rab qoldi. Bu yerdagi yangiliklar haqida unga faxrlanib gapirib berdim.
Avvalo, o‘zi, qolaversa, uning turkiyalik do‘stlari, hamkasblari bu majmuani tomosha qilishni orzu qilayotganini aytdi.
Darhaqiqat, ayni kunlarda dunyo e’tiboriga tushgan sayyohlik majmuasi odamlar bilan gavjum. Ayniqsa, kechki payt o‘n minglab yurtdoshlarimiz, shuningdek, xorijlik sayyohlar hududdagi “Boqiy shahar” majmuasi va musiqali favvorani tomosha qilish uchun boryapti.
- Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidanman, - deydi Lolaxon Ismatullayeva. – Samarqandda yangi bunyod etilgan turizm markazini tomosha qilish uchun oilamiz bilan ataylab keldik. Juda chiroyli dam olish maskani bo‘libdi. “Boqiy shahar” majmuasini tomosha qilsangiz, butun Samarqand shahrini aylanib chiqqandek bo‘lasiz. E’tiborli jihati, musiqali favvoraning ishga tushgani. Ayniqsa, kechki payt bu hududni piyoda kezgan kishi o‘zini turizm sohasi rivojlangan mamlakatlarning go‘zal shaharlarida yurgandek his qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi eshiklari barcha uchun ochiq. Yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar mazkur majmuani tomosha qilishlari mumkin. Majmuaga kirish bepul.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).