Yangi universitetda yangi ish uslubi
Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti yurtimizda turizm sohasi rivojiga hissa qo‘shadigan bilimli, salohiyatli, yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida ochilgan. Universitetning xalqarolashtirish va strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini bajaruvchi, iqtisod fanlari doktori, professor Bahodir TO‘RAYeV o‘quv dargohi faoliyati haqida quyidagilarni gapirib berdi.
Turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari va turistik markazlar bilan 50 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzoladik. Mazkur shartnomalar doirasida o‘tgan yili Indoneziyaning Gunadarma universitetida 2 nafar o‘qituvchi, Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat universitetining “Pegas” maktabida 1 nafar xodim, Italiyaning Rim shahrida joylashgan «Tor Carbone» maktabida 2 nafar xodim va 1 nafar o‘qituvchi malaka oshirib qaytdi. Albatta, universitet kadrlarni xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassalariga va ilmiy tadqiqot markazlariga magistratura va doktoranturaga yuborish orqali uning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish imkoniyatlarini muntazam izlayapti.
Universitetga xorijdan 12 nafar professor-o‘qituvchi jalb etildi
Universitetga joriy o‘quv yilining boshidan hozirgi kunga qadar 12 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi jalb etilgan.
Respublikamizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uning tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar dasturidan kelib chiqib, keyingi muddatlarga jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar bilan darslarni masofaviy tashkil qilish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ydik.
Universitetga jalb etilgan xorijlik professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishda, avvalo, ular o‘qigan, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan hamda ishlayotgan oliy ta’lim muassasalarining jahonning nufuzli 1000 talik ro‘yxatiga kirganligiga e’tibor beramiz.
Mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar keskin qisqartirildi
Ta’lim dasturi fanlari bo‘yicha darslar xalqaro ta’lim standartlariga moslashtirilgan holda ishlab chiqildi. Universitetda 5 kunlik ta’lim haftasi hamda unga muvofiq 2+1 ta’lim tizimi joriy qilindi. Ta’lim dasturlari bo‘yicha dars jarayoni davomiyligi 50 daqiqa, tanaffus 10 daqiqa etib belgilangan. Universitetda mavjud talabalarning guruh tizimidan voz kechilib, ularning raqami kodlashtirish tizimiga o‘tildi. Shuningdek, universitetda make-up imtihon topshirish tizimi joriy etildi. Bunda talaba imtihonni ijobiy natija bilan topshira olmasa, 1-2 haftadan so‘ng qayta topshirishi mumkin. Shuningdek, akademik qarzdorlikni talaba o‘qishga kirgan yilidan boshlab 7 yil mobaynida topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Akademik semestr davomida talabalar e’tiboriga beshtagacha fan taqdim etilib, ulardan tanlov fanlari talabalarning eng ko‘p miqdori tomonidan belgilangan fanlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Universitet ta’lim tizimiga professor-o‘qituvchilarni jalb etish uchun KPI tizimi joriy qilindi va faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlar mehnat faoliyati KPI effektivlik ko‘rsatkichi bo‘yicha baholash belgilab qo‘yildi. Ta’lim berish jarayonini yengillatish maqsadida talabalarni auditoriyaga bog‘lamasdan turib, kreativ dars o‘tish tizimini yaratishga harakat qilinmoqda.
Darsga qatnashish bo‘yicha davomat - erkin
Respublikadagi milliy oliy o‘quv yurtlari ichida ushbu tajribani amalda birinchi bo‘lib qo‘lladik. Sababi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan talabalarning mustaqil ta’lim soatlariga katta e’tibor qaratdik. Bundan tashqari, talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida o‘quv jarayoni kredit-modul tizimida tashkil etildi hamda ta’lim berishda nazariya + amaliyot uslubi (3+2) joriy qilindi.
Albatta, bu islohotni boshida talabalar uncha tushunishmadi va o‘qishga nisbatan ularda biroz mas’uliyatsizlik kuzatildi. Ushbu muammoning oldini olish maqsadida o‘quv yilining II semestridan boshlab talabalarning darslarda erkin qatnashishi hamda universitet professor-o‘qituvchilarining akademik mustaqilligini ta’minlash maqsadida turli o‘qitishning masofali ta’lim platformalari o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida universitetning imkoniyatidan kelib chiqib, Edmodo ta’lim platformasidan foydalanishni maqsadga muvofiq deb topdik. Bu haqda talabalarga seminarlar tashkil etild i. Natijada ayrim talaba va magistrlar o‘quv binosiga kelmasdan turib ham ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi.
Karantin davrida talabalarga ta’til berilmadi
Respublikamizda karantin holati e’lon qilinishi bilan oliy ta’lim muassasalarining talabalariga 16 martdan ta’til e’lon qilindi hamda ular o‘qish jarayonini 1 apreldan boshlab masofali o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi. Yuqoridagi islohotlarimiz tufayli bu holat bizda qiyinchilik tug‘dirmadi. Shuningdek, 16 martdan 1 aprelga qadar ta’til ham e’lon qilmadik, aksincha barcha talabalarni masofali o‘qitishga jalb etdik.
Hozirgi vaqtda universitetda ta’lim jarayoni Edmodo ta’lim platformasi orqali masofaviy shaklda olib borilmoqda.
Edmodo ta’lim platformasida o‘qitishning barcha turdagi ma’lumotlarini (audio, video, hujjatli va boshqa) uzatish imkoniyati mavjud. Bu platforma nafaqat o‘qituvchiga talabalarning topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi, balki ota-onalarning ham farzandlarini bevosita ta’lim jarayoni ishtirokchisi sifatida kuzatishi hamda ularning fanlarni qanday o‘zlashtirayotganini ham bilish imkonini beradi. Bu platformaning yana bir afzalligi shundaki, unda har bir berilgan topshiriqni bajarishning oxirgi muddati ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur muddat ichida talaba fan uchun ajratilgan ballar (kredit)ning bir qismini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tashabbus hozirgi vaqtda respublikamizda koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar dasturi ijrosini samarali ta’minlash imkoniyatini bermoqda.
Yangi o‘quv yilida yangi binoda o‘qiydi
Universitet oldida turgan asosiy muammolardan biri o‘quv binosi bilan bog‘liq masala edi. Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining bino va inshootlari universitetga operativ boshqarish huquqi bilan beg‘araz berilgandi. O‘tgan davr oralig‘ida litsey binosi to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi hamda “Aqlli universitet” tamoyili asosida moslashtirildi. Nasib bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan universitetimiz talabalari o‘qishini yangi binoda davom ettiradi.
Talabalar uchun 250 o‘rinli yotoqxona quriladi
Hozirgi vaqtda talabalar Samarqand davlat universitetining talabalar turar joyidan foydalanib kelmoqda. Yaqinda universitet uchun 250 o‘rinli talabalar turar joyi binosi qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Yotoqxona binosini qurish uchun Samarqand shahar hokimligi tomonidan yer ham ajratilgan.
Aslida, universitetimiz uchun talabalar turarjoyi emas, balki kichik mehmonxona quriladi. Bu mehmonxonada talabalar ham yashaydi, ham ishlaydi, ham aholi va shahrimiz mehmonlariga mehmonxona xizmatini ko‘rsatadi. Shuningdek, universitetga xorijdan va boshqa hududlardagi OTMlardan dars jarayoniga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar uchun ham sharoit yaratiladi.
Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.